Kimlarga garovsiz kredit beriladi?
Yangi turmush qurgan yoshlar yakka tartibdagi xonadonda qo‘shimcha uy-joy qurishi uchun garovsiz kredit berilishini bilasizmi?
“Temir daftar” va “Ayollar daftari”ga kiritilgan oilalarning farzandlari hamda “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yangi turmush qurgan yoshlarning yakka tartibdagi xonadonida qo‘shimcha uy-joy qurish uchun garovsiz kredit ajratish tartibi to‘g‘risidagi nizomiga asosan kreditlar yoshlarning alohida toifalariga garovsiz asosda ajratiladi.
Bunda tegishlicha “Saxovat va ko‘mak”, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari”, “Temir daftar” jamg‘armalari kafilligi taqdim etiladi.
Kafillik berilganligi uchun to‘lov (mukofot puli) undirilmaydi.
Qarz oluvchilar, jumladan, quyidagi muvofiqlik mezonlariga mos bo‘lishi lozim:
- 18 yoshga to‘lgan va 30 yoshdan oshmagan;
- yangi (ikkala tomon uchun birinchi marotaba) turmush qurgan;
- ilgari arzon uy-joy qurish dasturlari doirasida imtiyozli ipoteka krediti olmagan bo‘lishi kerak.
Shunga ko‘ra, yoshlarning alohida toifalariga kreditlar:
- bozor stavkasida mijoz xohishiga ko‘ra 6 oy imtiyozli davr bilan 20 yildan ko‘p bo‘lmagan muddatga;
- boshlang‘ich badali yakka tartibdagi xonadonda qo‘shimcha qurilayotgan uy-joy qiymatining 15 foizidan kam bo‘lmagan miqdorda;
- bir qarz oluvchiga 33 million so‘mdan oshmaydigan miqdorda beriladi.
Tegishli hujjatlar to‘liq taqdim qilingandan so‘ng bank 3 ish kunida ariza beruvchiga kredit berish masalasini ko‘rib chiqadi.
Ariza qanoatlantirilgan taqdirda, kredit shartnomasi imzolanadi.
Markaziy bank viloyat bosh boshqarmasi axborot xizmati.