Kimningdir hayotini saqlab qolish har birimizning qo‘limizdan keladi
. Vaholanki, sog‘-salomat payti eng baxtli insonlardan biri ekanligimizni tushunib yetmaymiz. Buning uchun har kuni qanchadan-qancha shifoxonalarda sizning holatingizda bo‘lishni orzu qilib o‘tirgan bemorlarni tasavvur qilishingizning o‘zi yetarli, nazarimda. Mana, ularning ba’zilarini ifodalab bersam.
… Avtohalokatdan so‘ng "tez yordam" mashinasi olib kelgan bolakay. Juda ko‘p qon yo‘qotgan. Unga zudlik bilan qon quyilsa, ahvoli ijobiy tomonga o‘zgarishi mumkin.
…Tug‘ruqxonaga kelgan yoshgina, navnihol kelinchak. Ikki dunyo oralig‘idagi ona. Akusherlarning sa’y-harakatlari bilan uning ko‘zi yoridi, lekin ahvoli og‘irlashib qolgan. U ham ko‘p qon yo‘qotgan, o‘z vaqtida qon quyilsa, uning umrini asrab qolish mumkin.
Bunday holatlar har kuni, yonginamizdagi shifoxonalarda uchraydi. Bu bemorlar boshqalarning, ya’ni sog‘lom insonlarning o‘z vaqtida amalga oshirgan yaxshiliklari tufayli hayotga qaytishlari mumkin. To‘g‘ri, tibbiyot yildan-yilga rivojlanib borayotir. Ammo insondagi qonning o‘rnini bosadigan preparat hozircha kashf etilmagan. Faqatgina yaxshi insonlarning ko‘magi tufayligina og‘ir holatdagi qanchadan-qancha bemorlar yana hayotga qaytishga musharraf bo‘lishadi. Shuning uchun barcha davlatlarda bo‘lgani singari bizda ham qon quyish markazlari tashkil etilgan. Tizim bir xil. Ammo… Misol uchun, AQShda ko‘ngilli qon beruvchilar har ming kishiga 125 nafarni tashkil qilarkan. Bizda esa bu ko‘rsatkich 8 nafar. Inson donor bo‘lishi orqali bir insonning hayotini asrab qoladi. Bundan ulug‘ savob ish bormi? Sog‘lom paytda yaxshilik qilish istagidagi insonlar shu haqda o‘ylab ko‘rishi kerak. Sog‘lom inson donor bo‘la olishi mumkin, demak, kimningdir hayotini saqlash imkoniyati bor.
Dilfuza AHMEDOVA,
viloyat qon quyish markazi shifokori.