Kimyogarlar qo‘rg‘onidagi “Nurafshon” madaniyat saroyi foydalanishga topshirildi

Necha yillar foydalanilmagan, tashlandiq holga kelgan bu hudud gavjum, mo‘’jazgina go‘shaga aylandi. E’tibordan chetda qolgan madaniyat markazi va uning yon-atrofiga biror kishi borishga botina olmasdi. Bugun zamon talablariga hamohang tarzda ta’mirlangan madaniyat saroyi, yoshlar bog‘i, futbol maydoni ko‘rgan ko‘zni quvontiradi. San’at saroyining ochilish marosimi barchaning qalbiga bahoriy iliqlik olib kirdi.

- Qarshingizda turgan bu bino 2014-2018 yillar davomida foydalanishga yaroqsiz holga kelib qolgan va faoliyat ko‘rsatmagan, - dedi viloyat hokimi E.Turdimov. - Prezidentimiz tomonidan madaniyat va san’atga berilayotgan e’tibor tufayli 2019 yil yanvar oyida mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan 15,4 milliard so‘m mablag‘ ajratilib, qayta ta’mirlash ishlari olib borildi. Markazga aholi takliflaridan kelib chiqib, Nurafshon deya nom berildi. Bugun bu markaz Kimyogarlar shaharchasi aholisining sevimli maskaniga, yoshlarimizning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazuvchi, san’atga, madaniyatga oshno qiluvchi markazga aylandi.

Mazkur madaniyat markazida kutubxona va 10 ga yaqin to‘garaklar, yoshlar bog‘i va kafesi, zamonaviy futbol maydoni faoliyat yuritmoqda.

350 tomoshabinga mo‘ljallangan konsert zali zamon talablari darajasida ta’mirlanib, jihozlandi. San’at saroyida «YAMAHA» firmasining uskunalari bilan jihozlangan zamonaviy ovoz yozish studiyasi tashkil qilindi. Markaz hovlisida musiqali favvora o‘rnatildi.

Hududdagi necha yillardan buyon ta’mirtalab yo‘llarga asfalt yotqizildi, turar-joylar obodonlashtirildi, yoritkich simyog‘ochlar va velosiped yo‘lagi qurildi.

Shuningdek, Hazora mahalla fuqarolar yig‘inida 200 qatnovga mo‘ljallangan, 3 qavatli 9-oilaviy poliklinikaning zamonaviy binosi ham foydalanishga topshirildi.

Nasiba JONTO‘RAYeVA,

Baxtiyor MUSTANOV (foto).