Ko‘chamiz qachon tartibga tushadi?

Samarqand shahridagi So‘lim shaharchasi Chilquduq mahallasidan murojaat qilyapmiz. Mahallamizning Samarqand ko‘chasi 2019 yil “Obod mahalla” yili dasturi bo‘yicha ta’mirlangan edi.
Shaharchaning 7 kilometrga yaqin qismiga tosh to‘kilib, asfalt qilindi. Ishlar endi tugagan vaqtida yo‘l ostidagi suv oqova tizimlari ta’mirlandi. Kanalizatsiya quvurlari yotqizib bo‘lingach, ularning o‘rni asfalt qilinmasdan qolib ketdi. Shuningdek, suv oqova quduqlari ham yer sathidan pastda qoldirildi.
Mana, to‘rt yildan ko‘proq vaqt o‘tdiki, har yog‘ingarchilik vaqtida yo‘lning past-baland qismlarida ko‘lmaklar to‘planib qoladi. Chunki suv oqova tizimlari noto‘g‘ri o‘rnatilgan. To‘plangan ko‘lmak suvlari chiqib ketadigan yo‘l yo‘q. Bu esa nafaqat mashinalarga, balki piyodalarga ham noqulaylik tug‘dirmoqda. Chunki yo‘l yoqasida piyodalar yo‘laklari qurilmasdan qoldi. Ayniqsa, yosh bolalarning maktabga borishida, aholining bozor-o‘charga qatnashida, yo‘lovchi mashinalarning o‘tishlarida qiyinchiliklar paydo bo‘lyapti. O‘nlab kanalizatsiya quvurlarining qopqoqlari o‘g‘irlab ketilgan.
Shaharcha aholisi bir necha bor Samarqand shahar va tuman hokimliklariga, yo‘lni ta’mirlagan Samarqand tumani avtomobil yo‘llari boshqarmasiga murojaat qildi, biroq foydasi bo‘lmayapti. Shu bois ko‘chalarimizni videosuratga olib ijtimoiy tarmoqlar orqali tarqatishga majbur bo‘lyapmiz. Yog‘ingarchilik kunlari biz kattalar bu yo‘lda o‘tishda chidarmiz, ammo bolalarimiz qiynalmoqda.
Sharof Ma’rupov,
Samarqand shahri, So‘lim shaharchasi.