"Ko‘chamizga kim simyog‘och o‘rnatib, elektr tarmog‘i tortishi kerak?"

Bugun telegram kanalimizda shu sarlavha ostida murojaat e’lon qilingan edi. Unda ko‘tarilgan muammo bo‘yicha “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ Samarqand hududiy filialidan javob keldi.
Unda shunday deyiladi: "Murojaatda keltirib o‘tilgan manzildagi xonadonlarga “ZXP-Chelak” fideridan ta’minlanuvchi 3697-transformator punkti orqali elektr ta’minoti yetkazib beriladi. Ushbu xonadonlar belgilangan tartibda texnik shartlar olmasdan, talabga javob bermaydigan simlarni qo‘lbola usuldagi simyog‘ochlarga o‘zboshimchalik bilan ulab, elektr uzatish tarmog‘idan foydalanib kelmoqda.
Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 12 yanvardagi 22-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Elektr energiyasidan foydalanish qoidalari”ning 30-bandida “Iste’molchilarning yuklamalarini ulash bilan bog‘liq yangi elektr qurilmalarini va elektr tarmog‘i xo‘jaligining ob’yektlarini loyihalash va qurish, ishlab turganlarini kengaytirish va rekonstruksiya qilish iste’molchilarning mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi”, deb belgilab qo‘yilgan.
Bundan tashqari, yangi elektr qurilmalarini va elektr tarmog‘i xo‘jaligining ob’yektlarini loyihalash va qurish, ishlab turganlarini kengaytirish va rekonstruksiya qilish shahar va tumanlarning mahalliy byudjeti mablag‘lari hisobiga “Ochiq byudjet” platformarmasi yoki boshqa dasturlar asosida davlat mablag‘lari hisobidan amalga oshirilishi mumkin.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 31 avgustdagi “Yuridik va jismoniy shaxslarni elektr tarmoqlariga ulash bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatishning ma’muriy reglamentini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori talablari doirasida iste’molchilar hisobidan to‘lovlarni amalga oshirgan holda “Davlat va shartnomaviy xizmat ko‘rsatish markazi” orqali yoki dasturlar asosida amalga oshirish bo‘yicha mahalliy davlat hokimiyati organlariga murojaat qilishi mumkin.
Aslida mazkur qarorlar asosida shartnomasiz elektr ta’minotiga ulangan har bir iste’molchi noqonuniy ulangan deb hisoblanadi".