Ko‘chma savdo ob’yektlari tashkil etgan yoshlarga soliq imtiyozi beriladi
Bu borada Soliq kodeksining 483-moddasiga o‘zgartirish kiritildi.
- Unga ko‘ra, magistral avtomobil yo‘llari bo‘yida ko‘chma savdo ob’yektlarini tashkil etgan yoshlar (30 yoshdan oshmagan shaxslar) faoliyatini amalga oshirish boshlangan sanadan e’tiboran dastlabki 6 oyda tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qilishdan olingan daromadlar bo‘yicha soliqlarni to‘lashdan 2028 yil 1 yanvarga qadar ozod etiladi, - deydi viloyat soliq boshqarmasi davlat soliq bosh inspektori Bekzod Soliyev. - Ehtiyojmand oila a’zolarini ishga qabul qilgan tadbirkorlarga soliq imtiyozi beriladi.
Soliq kodeksining 483-moddasiga kiritilgan yana bir o‘zgarishga ko‘ra, mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining 1,5 baravaridan kam bo‘lmagan oylik ish haqi to‘langan holda kambag‘al oila a’zolarini ishga qabul qilgan tadbirkorlik sub’yektlari kambag‘al oila a’zolari bo‘lgan mehnatiga haq to‘lashga doir xarajatlari bo‘yicha ijtimoiy soliqni 2025 yil 1 yanvardan 2028 yil 1 yanvarga qadar 1 foiz (amalda 12 foiz) miqdorda to‘laydi.
Prezidentimizning 2024 yil 20 dekabrda “Hududlarda yuqori iqtisodiy o‘sish va aholi bandligini ta’minlashning yangi tizimini yo‘lga qo‘yish hamda bu borada mahalliy hokimliklarning roli va mas’uliyatini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoniga ko‘ra, mahalliy davlat hokimiyati organlariga quyidagi moliyaviy imkoniyat va vakolatlar beriladi:
2025 yil 1 yanvardan aylanmadan olinadigan soliq, yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq, yuridik shaxslardan olinadigan yer solig‘i, davlat aktivlarini ijaraga berishdan tushumlarni to‘liq hajmda hamda jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i tushumlarining kamida 50 foiz qismini tuman (shahar)lar byudjetiga o‘tkazish;
mahalliy davlat hokimiyati organlariga tegishli bo‘lgan aksiyalar (ulushlar)ni sotishdan tushgan mablag‘larning 90 foizi Qoraqalpog‘iston Respublikasining respublika byudjetiga, viloyatlarning viloyat byudjetiga va Toshkent shahrining shahar byudjetiga hamda ob’yekt joylashgan tuman (shahar) byudjetiga teng ulushlarda taqsimlanadi.