Ko‘chmas mulkni ommaviy baholash - bozor shaffofligi va adolatli bahoning kafolati

O‘zbekistonda olib borilayotgan islohotlar jarayonida ko‘chmas mulk bozorini tartibga solish va uning shaffofligini ta’minlash muhim yo‘nalishlardan biri bo‘lib qolmoqda. Shu maqsadda Prezidentimizning 2025 yil 5 martda qabul qilingan farmoni asosida mamlakatimizda ko‘chmas mulkni ommaviy baholash tizimi joriy etildi.

Yangi tizimning ahamiyati nimada?
Bunda ko‘chmas mulk ob’yektlarining bozor qiymatini aniqlashda adolatli yondashuv va yagona standartlarni qo‘llash orqali:
• soliq va moliya siyosatining samaradorligi oshadi;
• mulkdorlar uchun o‘z huquqlarini aniq belgilash imkoniyati yaratiladi;
• bozorda shaffoflik ta’minlanadi va sun’iy narxlar oldi olinadi.
Yangi tizim bosqichma-bosqich, ya’ni 2025–2026 yillarda Toshkent shahrida tajriba sifatida, 2026–2027 yillarda Nukus shahri va viloyat markazlarida hamda 2027 yildan butun respublika hududida amalga oshiriladi.

Baholash qanday amalga oshiriladi?
Ommaviy baholash jarayonida Kadastr agentligi:
• ko‘chmas mulk bozori haqidagi ma’lumotlarni yig‘adi va tahlil qiladi;
• ob’yektlarni turiga va xususiyatlariga ko‘ra guruhlashtiradi;
• narx shakllantiruvchi omillarni aniqlaydi (joylashuvi, infratuzilma, ekologik holat, binolarning sifat darajasi va boshqalar);
• kompyuter formulalari va zamonaviy usullar yordamida ob’yektning qiymatini belgilaydi.
Eng muhimi, har bir mulkdor o‘z ob’yektining baholangan qiymatini Agentlikning rasmiy veb-saytidan kadastr raqami orqali bilib olishi mumkin.

Fuqarolar uchun qulaylik
Agar mulkdor ommaviy baholash natijasidan norozi bo‘lsa, u holda maxsus komissiyaga yoki sudga murojaat qilishi mumkin. Bu esa fuqarolarning huquqlari himoya qilinishiga xizmat qiladi.
Ko‘chmas mulkni ommaviy baholash tizimining joriy etilishi bozorda aniq va adolatli narxlarni belgilash, soliq tizimini yaxshilash, shuningdek, fuqarolarning huquqiy manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan muhim qadamdir.

B.Tojiboyev,
Samarqand shahar iqtisodiy sudining sudyasi.