Ko‘katlar inson tanasiga qanchalik foydali ekanini bilasizmi?
Ko‘katlar ovqat hazm qilishni yaxshilaydi, asab va yurak-qon tomir tizimlarining holatiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.
Bahor fasli kirib kelmoqda. Demak, ukrop, kashnich, ko‘k piyoz, selderey, rayhon va boshqa xushbo‘y ko‘katlar ko‘payadi. Bular tanamizni darmondorilar bilan to‘yintiradi, immunitetimizni mustahkamlaydi. Muhimi, ko‘katlar taomlarga o‘ziga xos ta’m beradi. Keling, turli ko‘katlarning foydali xususiyatlari to‘g‘risida batafsil so‘z yuritaylik.
Petrushka (Maydanoz) - vitaminlar koni
Bizga juda tanish bo‘lgan petrushka tarkibida S vitamini limonga qaraganda 4 baravar ko‘p. Shuningdek, unda beta karotin, A, Ye va V guruhli vitaminlar mavjud. Minerallardan esa petrushka selen, ftor, temir, ruh, kaliy, fosfor, magniy va kalsiyga boy ko‘kat.
Maydanoz iste’moli ko‘zlaringizni ravshan qiladi, teringizni yoshartiradi. Biroq homilador ayollarga uni tez-tez iste’mol qilish tavsiya etilmaydi.
Ukrop - foyda ko‘lami keng ko‘kat
Ukropda petrushkada bo‘lgan bir xil vitaminlar va minerallar mavjud, shuningdek, tarkibida qon va ingichka tomirlar uchun zarur bo‘lgan R vitamini ham bor. Bu vitamin ularning devorlarini mustahkamlaydi va o‘tkazuvchilikni pasaytiradi.
Ukrop iste’moli tanadagi turli xil muammolarni davolaydi. Uning tarkibida foydali vitaminlar, selen, magniy, kaliy, fosfor va boshqa foydali moddalar mavjud.
Kashnich - hayotbaxsh ko‘kat
Ushbu xushbo‘y o‘simlik tarkibida turli xil vitaminlar, aminokislotalar va minerallar mavjud. Kundalik miqdordagi kashnich iste’moli inson immunitet tizimini kuchaytiradi. Bundan tashqari, kashnich xotirani yaxshilashda yordam beradi.
Selderey - ozish ko‘kati
Aniqlanishicha, selderey ozishni orzu qilayotganlar uchun ajoyib yordamchidir. Selderey va uning sharbati tarkibida magniy borligi depressiyani yengishga yordam beradi. Aytgancha, depressiv holatlar ko‘pincha ushbu elementning yetishmasligi bilan izohlanadi. Homilador ayollar seldereydan ehtiyotkorlik bilan foydalanishlari kerak.
Ismaloq – kuch beradigan ko‘kat
Har doim ismaloq iste’mol qilib, kuchli bo‘lgan dengizchi Papay haqidagi multfilmni eslaysizmi? Albatta, siz bu o‘simlikdan bunday ta’sirni kutmasligingiz aniq, biroq ismaloq tanaga keng ko‘lamli ta’sir ko‘rsatadi. U immunitet tizimini mustahkamlaydi. Uning salatlar, somsa va sho‘rvaga qo‘shilgan iste’moli ko‘plab kasalliklar oldini olishga ko‘makdosh bo‘ladi.
Ko‘k piyoz immunitetni oshiradi
Ko‘k piyoz asosan 90 foizgacha suvdan iborat. Qolgan 10 foizi turli xil tolali minerallar (nikel, kaliy, temir, magniy, kalsiy, magniy, fosfor), A, S, K vitaminlari, foliy kislotasi va o‘rtacha miqdordagi V vitaminlarga boy.
Ko‘k piyoz tarkibida juda oz miqdordagi kaloriya borligi tufayli u parhezli taomlar turiga kiradi.
Bahora Muhammadiyeva tayyorladi.