Ko‘klam nafasi: Ko‘chatchi narxga talashmaydi, daromadi bilan maqtanmaydi

Ko‘chatchilik kasbmi yoki tomorqadagi yumushmi? Bu faoliyatni o‘rganish uchun qayerda o‘qish kerak yoki shogird tushib o‘rganiladimi, ajdodlardan meros qilib olinadimi? Bu ishda qancha daromad topiladi, olingan foydadan oila tebratish mumkinmi?
Aslida, ko‘chat yetishtirish bir qaraganda osondek tuyuladi, niholdan qalamcha olinadi, yerga ko‘miladi, ma’lum vaqtdan keyin ildiz hosil bo‘lib, barg chiqara boshlaydi. Tayyor bo‘lgan ko‘chatni bozorga chiqarasanu sotasan. Bir qarashda oddiy tuyulgan bu kasbning ham o‘ziga yarasha sir-sinoati bor.
Jomboylik Musurmon Hotamov 35 yildan buyon ko‘chat yetishtirib, ularning «injiqlik»larini ham o‘zlashtirgan ko‘chatchilardan. Asli kasbi o‘qituvchi bo‘lgan Musurmon boboning ko‘chat yetishtirishga qiziqishi ham tasodifan uyg‘ongan ekan.
- 1985 yilda qishlog‘imizga tibbiyot instituti talabalari paxta terimiga kelishdi va biznikiga joylashishdi, - deydi M.Hotamov. – O‘qituvchilardan biri ko‘chat yetishtirish bilan shug‘ullanarkan va menga hamkorlikni taklif qildi. Tomorqamning 10 sotix maydoniga turli xil mevali ko‘chat qalamchalarini ekdik. U menga ko‘chat tayyorlashning barcha jihatlarini o‘rgatdi. Uch yildan so‘ng tayyor bo‘lgan ko‘chatlarni o‘zi oldi, bir qismi menga qoldi. Turmush o‘rtog‘im bilan bozorlarga chiqarib sotdik. Ishonasizmi, o‘shanda ko‘chatdan kuniga 150-200 so‘m daromad qilardik, bu kamida bitta katta qo‘y puliga teng edi. Maktabda 38 yil ishlab, pensiyaga chiqqanimdan so‘ng 1990 yildan boshlab ko‘chat yetishtirish bilan shug‘ullanaman. Yiliga tomorqadagi 8-10 sotix maydonda 10-15 mingtagacha ko‘chat yetishtiraman, payvand qilaman. Hozir ko‘chat yetishtirish uchun daladan 1 gektardan ortiq yer olganmiz, u yerga qalamcha ekib, tayyor bo‘lgan ko‘chatni sovuq urmasligi uchun qish oldidan tomorqaga keltirib qo‘yamiz.
Bog‘bon tomorqasida gilosning «Napoleon», «Mintapol», «Skina», «Shpanka» navlari, nokning «Dyushes», «Eron noki», «Hechechuri» kabi xorijdan keltirilgan navlardan mahalliy iqlimga mos ko‘chatlar tayyorlarkan. Olmaning «Toshkent», «Gala», «Semerenko», «Boyka», «Golden», «Zelyonka», olxo‘rining «O‘zbekiston go‘zali», «Ispanka», «Vengerka», o‘rikdan «Ko‘ri Sodiq», «Ruhijon», «G‘o‘lini», shaftolining «Lola», «Anjir shaftoli», «Start», behi yong‘oq kabi mevali ko‘chatlarini payvandlaydi. Har qancha urinsak ham bog‘bon bobodan ko‘chatning yillik daromadi qancha ekanligini bilolmadik. Daromad maqtanilmaydi, ko‘chat sotishda narxiga talashilmasligini bildirdi. Eng muhimi, ko‘chatni payvandlash va ekishda e’tibor qilish kerak bo‘lgan jihatlarni aytib o‘tdi.
- Olxo‘rini yovvoyi olchaga payvand qilgan yaxshi, olma olmaga, nokni behiga payvand qilsa bo‘ladi, lekin nokni o‘ziga, hech bo‘lmasa, yovvoyi nokka payvand qilsa, yaxshi hosil beradi. Chunki behiga qilingan payvand tez hosilga kiradi, ammo tez qariydi, tubi qo‘porilib ketadi. Asosiysi, tanasi katta bo‘ladigan mevaga payvand qilinsa, ko‘chat yaxshi rivojlanadi, hosildor bo‘ladi, ko‘p yillar meva beradi. Ko‘chat ekishda ham kovlangan tuproqni ko‘chat tubiga solmasdan, boshqa, quyosh ko‘rgan tuproq solib ekish va suv quyish lozim. Yangi tuproq va suv loy bo‘lib, ildizga yopishadi, bu ko‘chatning shu yerga tez moslashishiga yordam beradi.
O‘ktam XUDOYBERDIYeV.
Sohib SAYFULLAYeV olgan suratlar.