Kollejlar e’tibordan chetda qoldimi?

Ayni paytda kollejlarning ikkinchi va uchinchi bos­qich o‘quvchilari avvalgi, ya’ni 12 yillik majburiy ta’lim tizimi asosida saboq olmoqda. Ammo keyingi paytda mazkur muassasalarda o‘quvchilar davomati pasayib ketgani kuzatilmoqda. Viloyatimizdagi ayrim kollejlarda bo‘lganimizda o‘zimiz ham bunga guvoh bo‘ldik.

 

Ertalab Past Darg‘om avtomobil va yo‘llar kasb-hunar kollejiga yo‘l oldik. Kollej binosi yaqinida soat 9:10 gacha o‘quvchilarning darsga kelishini kuzatdik. Darslar 8:30 da boshlanishini istar-istamaygina muassasaga kelayotgan o‘quvchilardan bilib oldik. Ammo mashg‘ulotlar boshlanganiga yarim soatdan ziyod vaqt o‘tgan bo‘lsa-da, darsga kechikkan o‘quvchilarning oqimi to‘xtamadi.

Xullas, kollejdagi ahvol bo‘yicha ko‘rganlarimiz asnosida xulosa chiqardi­-  gu, direktordan ruxsat olib, bevosita dars mashg‘ulotlarini kuzatdik. Yuk tashish korxonalarida tashish ishlari fani bo‘yicha dars o‘tilayotgan 274-guruhdagi 29 o‘quvchining 7 nafari mashg‘ulotga kelmagan. Guruh o‘quv mashg‘ulotlari jurnali berilmagani bois o‘qituvchi S.To‘rayev yo‘qlamani daftarga belgilab kelyapti. Ushbu yo‘qlamadan ma’lum bo‘lishicha, bu guruh o‘quvchilari S.Abdujabborov, H.Husanov, B.Xo‘jamov, F.Yo‘ldoshev o‘quv yili boshlangandan buyon biror marta ushbu darsda qatnashmagan. Guruhdagi 29 o‘quvchining atigi 10 nafarigina darslarda to‘liq qatnashgan, xolos.

371, 260-guruhlarda 3 nafar, 373, 370-guruhlarda 4 nafar, 270-guruhda 2 nafar o‘quvchi mashg‘ulotlarda ishtirok etmayotgani sababini guruh sardorlari hamda o‘qituvchilar turli bahonalar bilan izohlashdi.

Auditorlik o‘quv amaliyoti sabog‘i o‘tilayotgan 300-guruhdagi holat e’tiborimizni tortdi. Guruhdagi 32 o‘quvchining 11 nafari darsga sababsiz qatnashmayapti. Guruh rahbari D.Nurmamatova buni 9 nafar o‘quvchi-qizlarning turmushga chiqqani bilan asoslantirdi. Lekin dars­larga kelmayotgan o‘quvchilar bir-ikkitasidan tilxat yoki tushuntirish xati olganidan boshqa o‘quvchining uyiga borgani, mahalla raisi, profilaktika inspektori, yoshlar ittifoqi yetakchilari hamkorligida ularni muassasaga qaytarish bo‘yicha shug‘ullangani, hamkorlikda tadbirlar o‘tkazganiga doir ma’lumot taqdim etolmadi.

Samarqand shahridagi Bog‘ishamol sanoat kasb-hunar kollejining 302-guruhida 21 nafar o‘quvchining 17 nafari darsda. Guruh sardori, o‘qituvchining ta’kidlashicha, to‘rt nafar o‘quvchi turmushga chiqqan bo‘lib, turmush o‘rtog‘i, qaynota yoki qaynonasining qarshiligi tufayli darsga qatnasholmayapti.

- Ikki nafar farzandim bor, - deydi mazkur guruh o‘quvchisi D.Qodirova. - O‘quv yili boshida farzand­larimning tez-tez betob bo‘lavergani sabab darslarga qatnasholmadim. Keyin kollej ma’muriyatidan ogohlantirish xati oldim. Mahallamiz oqsoqollari, inspektor, guruh rahbarimiz uydagilar bilan tushuntirish ishlari olib borishdi. Bugun darslarga qatnayapman. Fanlardan qoldirgan darslar bo‘yicha qo‘shimcha vazifalar olib, o‘zlashtirishga harakat qilyapman.

Muassasadagi 203, 201-guruhlarni ham kuzatdik. Birida 4, ikkinchisida 2 nafar o‘quvchi darsda yo‘q.

- Keyingi yillarda kasb-hunar ta’limi muassasalarida o‘quvchilarning dars mashg‘ulotlarida ishtirok etishlari ustidan nazoratni kuchaytirish maqsadida bir qancha tadbirlar uyushtirilyapti, - deydi kollej direktori A.Bultakov. - Shunga qaramasdan davomatni yaxshilashda qiyinchiliklar bo‘lyapti. Ota-onalar, mahallalar bu borada asosiy mas’uliyatni o‘quv maskaniga yuklab qo‘yishmoqda. Vaholanki, o‘quvchining darsda qatnashishini ta’minlashda ota-ona, mahalla raisi, profilaktika inspektori, qolaversa, yoshlar ittifoqi yetakchilari ham mas’ul bo‘lishlari kerak.

Kunlik davomatni nazorat qilish, uzrli sabablarsiz o‘quv mash­g‘ulotlariga qatnashmayotgan o‘quvchilarni hisobga olib, ta’limga jalb etish tizimini takomillashtirish maqsadida alohida mexanizm ishlab chiqqanmiz. Unga ko‘ra, avvalo, guruh va kurslar bo‘yicha davomat holati umumlashtirib boriladi, mahallalar bo‘yicha  belgilangan o‘qituvchilarga darsga qatnashmagan o‘quvchilar ro‘yxati taqdim qilinadi. Mas’ul o‘qituvchi ana shu ro‘yxat bo‘yicha o‘quvchining darsga kelmaslik sabablarini aniqlaydi. Uni darsga  qaytarish bo‘yicha ota-ona, mahalla va profilaktika noziri bilan hamkorlikda ish olib boradi. Lekin hamma ota-ona, mahalla oqsoqoli yoki inspektor ham mazkur ishlarning ahamiyatini tushunib yetmayapti. Biz bilan hamkorlik qilishga "bo‘yin" berishmayotir.

Shuning uchun ham xorijga ishlash uchun ketgan ikki nafar o‘quvchimizni qaytarishga bo‘lgan urinishlarimiz besamar ketmoqda. Darslarga muntazam kelmayotgan 11 nafar o‘quvchilarimizning atigi ikki nafariga ta’sir o‘tkaza oldik.

Paxtachi pedagogika kollejida ham davomat masalasida kamchiliklar talaygina.

302-guruhdagi 26 nafar o‘quvchining 5 nafari dars­da qatnashmayapti. O‘qituvchi G.Husanova dars boshlanganiga 25 daqiqa bo‘lishiga qaramasdan o‘quvchilarni yo‘qlamadan o‘tkazmagan, hatto darsda nechta o‘quvchi borligini ham bilmaydi.

202-guruh dars jadvalida rus tili fani o‘tilishi ko‘rsatilgan bo‘lsa-da, yetti nafar o‘quvchi o‘qituvchisiz sinfda o‘tiribdi. O‘qituvchi S.Qurbonova "Hozir kelaman", deya chiqib ketganicha qaytib kelmagan. O‘quvchilar kamligi sababini "Yarmimiz informatika darsida", deb izohlashdi. Informatika xonasida esa 12 nafar o‘quvchining 8 nafari o‘tiribdi. Mazkur fan o‘qituvchisi O‘.O‘tanazarov tanaffusga sanoqli daqiqalar qolganiga qaramasdan o‘quvchilar davomati bilan qiziqmagan.

Shu guruhda muntazam dars qoldirib kelayotgan o‘quvchi Sh.Normamatovaning  uyiga bordik. Biroq xonadonda hech kim yo‘q. Qo‘shnilar ham uy egalarining qayerdaligini aytib berolmadi...

204-guruh o‘quv mashg‘ulotlari jurnalini varaqlar ekanmiz, dars­ga kelmagan o‘quvchi B.Xudayorovga baho qo‘yilganiga ko‘zimiz tushdi.

Falsafa fani o‘qituvchisi Z.Melixolova "Kechirasiz, xayol bilan qo‘ygan bo‘lsam kerak", deb qo‘ya qoldi.

Nafsilamrini aytganda, voyaga yetmaganlar jinoyatlarining aksariyati ta’lim muassasasida tahsil olayotgan, darslarga qatnashmayotgan o‘quvchilar tomonidan sodir etilayotgani bugun hech kimga sir emas. Bular ota-ona, mahalla faollari, ta’lim muassasalari mutasaddilarining e’tiborsizligi, mavjud tartib-qoidalarni mensimaslik hamda ularga rioya qilmaslik oqibati sanaladi. Ana shu hamkorlar yoshlar kamoloti, ularning istiqboliga e’tibor va mas’uliyat bilan qarasagina davomat masalasida ko‘zlangan natijaga erishish mumkin.

Abdug‘ofur ShERXOLOV,

Abdujabbor PO‘LATOV,

"Zarafshon" muxbirlari.