Kolumbiya universiteti doktoranti, narpaylik Shuhrat Tog‘ayev Nyu York uchrashuvi, AQShdagi ta’lim va oldinda turgan vazifalar haqida so‘zlab berdi
Samarqandning Narpayida, oddiy qishloq oilasida tug‘ilganman. Yoshligimda xorijda tahsil olayotgan yigit-qizlarga nihoyatda havasim kelardi. O‘sha chog‘larda “Men ham bir kun kelib, dunyoning eng nufuzli universitetida o‘qiyman”, deya ahd qilardim. Ammo turli sabablar bilan orzum ushalmadi.
Otam vafot etgach, bizga bir dunyo kitob meros qoldi. Onam fabrikada tikuvchi bo‘lib ishlar, topgan-tutgani ro‘zg‘ordan ortmasdi.
Yaxshi niyat — yarim davlat, deymiz. Nima bo‘lganda ham orzu qilishdan to‘xtamadim. Nihoyat, 2022 yilda “El-yurt umidi” jamg‘armasi stipendiati bo‘ldim. Hozir Kolumbiya universitetida ingliz tili pedagogikasi mutaxassisligi bo‘yicha PhD dasturida o‘qiyapman. Bolaligimdan o‘qituvchi bo‘lishga ishtiyoqmand edim. Shu tufayli o‘qituvchilik sohasini tanladim.
Ortga nazar tashlasam, orzu-umidlar, armonlar, urinishlar va tiklanishlar ko‘z oldimda kinotasmadan o‘tayotgandek jonlanadi. Albatta, har qanday yutuq va erishilgan natijalar avvalida to‘g‘ri shakllantirilgan maqsad, niyat turadi. Taqdir meni nufuzli Kolumbiya universitetida grant asosida tahsil olishga yo‘lladi. Bugun dunyoga o‘z so‘zimni aytish imkoni bor.
AQShda tahsil olish qimmat. Masalan, bizning universitetda o‘qish uchun bir yilda 55-60 ming dollar to‘lash kerak bo‘ladi. Bu oz pul emas. Ko‘pchilikning, ayniqsa, men kabi oddiy oila farzandlarining bu pulni to‘lab o‘qishga qurbi yetmaydi, hatto o‘ylab ham ko‘rmaymiz. “El-yurt umidi” jamg‘armasi esa bizga shu qadrli imkoniyatni yaratib berdi.
Yaqinda yana bir quvonchli voqea bo‘ldi. Biz Nyu-York shahrida davlatimiz rahbari bilan uchrashdik. Uchrashuvda “El-yurt umidi” jamg‘armasi faoliyatini yo‘lga qo‘yishda yuzaga kelgan turli murakkabliklar, qarama-qarshiliklar haqida so‘z yuritildi. Amin bo‘ldimki, O‘zbekiston yoshlarini dunyoning eng nufuzli universitetlarida davlat hisobidan o‘qish uchun yuborishning o‘zi bo‘lmagan. Demak, bizga ishonch, kelajakda vatanimiz ravnaqiga hissa qo‘shishimizga umid bildirilmoqda. Bu ham dunyoda kechayotgan og‘ir, murakkab vaziyatda nafaqat xorijdagi o‘qishimiz moliyalashtirilib, balki kunlik xarajatlarimiz ham qoplab berilishi ta’limga, yangi avlod kadrlariga bo‘lgan katta e’tibordan dalolat.

Davlatimiz rahbari uchrashuvda stipendiatlar va vatandoshlarning har biri bilan alohida suhbatlashgani zo‘r bo‘ldi. Bu barchaga faxr bag‘ishladi.
Yurtimizga qaytgach, Ijtimoiy himoya milliy agentligi bilan hamkorlikda inklyuziv ta’limni rivojlantirishga o‘z hissamni qo‘shishni maqsad qilganman. Ijtimoiy himoyaga muhtoj, imkoniyati cheklangan va nogiron talabalarning ingliz tilini mukammal o‘zlashtirishiga ko‘maklashish va tilni kommunikativ o‘rganish usullarini keng joriy qilishga qaratilgan loyihalarni amalga oshirish borasida qator rejalarim bor.
Masalan, ingliz tilida yozma nutqni rivojlantirishga qaratilgan yangi metodikalarni ishlab chiqib, amaliyotga joriy qilishni ko‘zlab turibman. Hozircha o‘zimizda shunday alohida dasturlar yo‘lga qo‘yilmagan. Qolaversa, maxsus ko‘makka muhtoj fuqarolarni qo‘llab-quvvatlagan holda ularning ta’lim olishini barqarorlashtirish va yanada samaraliroq tashkil etish niyatidaman. Bu mamlakatimiz ta’lim tizimida o‘ta muhim va dolzarbdir.
Chet tillarga ixtisoslashgan OTMlar huzurida akademik yozma nutq ko‘nikmalarini shakllantiruvchi markaz yoki laboratoriya tashkil qilish, akademik yozuvni shakllantirish uchun xorijdan mutaxassislar chaqirish mumkin. Bu mutaxassislar odatda katta pul evaziga yollanadi. Ammo AQShning mamlakatimizdagi elchixonasi maxsus dasturi doirasida 6 oydan bir o‘quv yiligacha muddatda mutaxassislarni grant asosida tekin jalb qilish imkoni bor. Bu mutaxassislar birinchi bosqichda universitetlardagi ingliz tili profillarini yozma nutqni rivojlantirishga yo‘naltiradi. Ikkinchi bosqichda esa maktablarda boshlang‘ich sinfdan yuqori sinflargacha bo‘lgan kesimda o‘quv dasturlariga yozuv fanini kiritish bo‘yicha materiallar tayyorlaydi.
Ayni paytda Kolumbiya universiteti professorlari bilan muzokara olib boryapman. Ular vaqti-vaqti bilan ikki-uch oylik muddatga O‘zbekistonga kelib, Samarqand davlat chet tillar universiteti o‘qituvchilariga malaka oshirish kurslarini o‘tab berishi rejalashtirilmoqda.
Hozircha shunday reja va maqsadlarim bor. Prezidentimiz bilan uchrashuvdan keyin oldimga yanada katta maqsadlar qo‘ya boshladim. Yurtimiz rivoji uchun fidoyilik bilan ishlash, dunyoga o‘z so‘zimizni aytish istagi qat’iylashdi.
yuz.uz