Kommunal soha bo‘yicha shtablardagi ishonch telefonlari: faqat 12 foiz ishtirokchilar qo‘ng‘iroqdan so‘ng muammo hal bo‘lganini aytmoqda
Viloyat hokimi Erkinjon Turdimov kecha aholini elektr, gaz, suv, issiqlik bilan ta’minlash va bu boradagi murojaatlar yechimiga qaratilgan yig‘ilishda aksariyat mas’ul rahbar va xodimlar fuqarolardan kelayotgan murojaatlar yechimiga panja orasidan qarab kelayotganini qattiq tanqid qildi.
Haqiqatan ham aholi kommunal sohadagi ishlar, qilinayotgan murojaatlarga munosabat samarasiz ekanini bildirishmoqda.
Bu borada kecha kanalimizda “Kommunal soha masalalari bo‘yicha tashkil etilgan shtablarga elektr, tabiiy gaz va maishiy gaz ballonlar ta’minoti bo‘yicha qo‘ng‘irog‘ingizdan qanday natija bo‘lmoqda?” savoli bilan so‘rovnoma o‘tkazgan edik. So‘rovnomada ishtirok etgan o‘quvchilarning javobi ham buni bevosita tasdiqlaydi.
Jumladan, ishtirokchilarning 38 foizi “Bu raqamlarga tushib bo‘lmayapti” degan javobni belgilagan. 12 foiz qatnashchilar “Ha ijobiy hal qilib berishyapti” javobini belgilagan bo‘lsa, 22 foiz respondentlar “Muammoni yozib olib olishadi, ammo kam hollarda ijobiy hal qilishadi” degan fikrda ekani ma’lum bo‘ldi. 28 foiz o‘quvchilar bu raqamlarga qo‘ng‘iroq qilmaganini bildirgan.
Shuningdek, bir qator o‘quvchilar izohlarda ham o‘z fikrlarini qoldirgan. Ularning ayrimlari shtablardagi telefonlarga tushib bo‘lmasligini aytsa, ayrimlar qayta-qayta qo‘ng‘iroqlardan so‘ng muammo hal bo‘lganini bildirgan. Jumladan, o‘quvchilardan biri Nurbek Narzullayev “Telefon qildim, “15-o‘rindasiz” dedi, ammo 10-navbatga kelib uzilib qoldi”, deya izoh qoldirgan.
Viloyat hokimi Yangi yil bayrami oldidan aholi kayfiyatini ko‘tarish maqsadida 30 dekabrgacha barcha turdagi fuqarolar murojaatlarini o‘rganish va ularga ijobiy yechim topish dolzarb 3 kunligini e’lon qildi. O‘ylaymizki, kommunal soha mutasaddilari joylarda elektr, gaz, issiqlik ta’minoti bilan bog‘liq muammolarni tezda hal etadi, aholi murojaatlari bee’tibor qoldirilmaydi.