Ko‘ngil mulki bozormas
Bugun O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi Hamida Karimova tavallud topgan kun.
Shoira 1938 yil 3 fevralda Samarqand shahrida tug‘ilgan. 1962 yilda SamDU o‘zbek va tojik filologiyasi fakultetini tugatgan va aspiranturada o‘qigan.
«Saodat», «Sharq yulduzi», «Zvezda Vostoka» jurnallari, «O‘zbekiston madaniyati» (hozirgi “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi), «Zarafshon» gazetalarida she’rlari chop etilgan.
Hamida Karimovaning «Ko‘ngil daftari», «Qo‘sh kokil», «Uchqunlar» she’riy to‘plamlari nashr etilgan.
Quyida shoiraning she’rlaridan bahramand bo‘lasiz.
Keksayganda...
- Keksayganda bu dunyoda inson uchun ne zarur?
- Orom, rohat, xotirjamlik, farog‘at.
Ming shukurki, ko‘ngil mulki bozormas,
Yetkazolmas oqillarga jarohat.
Qarindoshdan yaxshi qo‘shni ming afzal,
Yuz-ko‘zidan yog‘iladi malohat.
Qo‘l ko‘ksida, yuzi quyoshday ochiq,
Nur sochadi, dil beg‘ubor – alomat.
Ba’zi xeshu aqrabolar – begona,
Qo‘ni qo‘nji to‘la baxil, adovat.
Ne ham deysiz, ular o‘zi biladi,
O‘z kuniga o‘zi bo‘lsin salomat.
Shuhrattalab, obro‘talab ba’zilar,
Bolalagay jussasida qabohat.
Baxtim shuki, manglayim silab, Alloh,
Umr – nurposh, shudir ulug‘ saodat.
To‘y
Bu kech tog‘lar boshi olmos bo‘libdur,
Baxt ulashar taqdir tolmas bo‘libdur.
Hilolu yulduzlar kelib bazmga,
Zim-ziyo osmonga bormas bo‘libdur.
Qizning libosida zar, munchoq porlar,
Somon yo‘llariga ul mos bo‘libdur.
Falak yo taqdirning ishorasi bu,
Yuz-ko‘zlarga mehr pardoz bo‘libdur.
Quda-andajonlar «Qo‘sha qaring!» deb
Yoshlarga baxt tilab dilroz bo‘libdur.
Kelinga bir boqing, erka, gulnoza
Yigit huzurida noz-noz bo‘libdur.
Mashshoqlar kuyida ilohiy ohang,
So‘z, kuyi dilkashu dilnoz bo‘libdur.
Oltin boshingizga ishq tojin tilab,
Hamida ham to‘yga hamroz bo‘libdur.