Konstitutsiyamiz mualliflaridan biri

Akademik Hoji-Akbar Rahmonqulov tavalludiga 100 yil to‘ldi
O‘zbekiston huquqshunosligi va davlatchilik ilmi rivojiga beqiyos hissa qo‘shgan atoqli olim, O‘zbekiston Fanlar akademiyasining akademigi, yuridik fanlar doktori, professor, “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi” Hoji-Akbar Rahmonqulov tavallud topganiga 100 yil to‘ldi.
Bu sana nafaqat uning shogirdlari, hamkasblari va oila a’zolari uchun, balki butun mamlakatimiz huquqshunos olimlari va huquq-tartibot organlari jamoasi uchun ham katta tarixiy ahamiyat kasb etadi.
Chunki, u hayoti davomida nazariya va amaliyotni uyg‘un tarzda olib borib, yurtimizda huquqiy davlat va fuqarolik jamiyatini shakllantirish jarayonida munosib iz qoldirgan zabardast olimdir. Uning O‘zbekistonning huquqiy tizimini rivojlantirishga, ilmiy maktab yaratishga va yangi avlod yuristlarini tarbiyalashga qo‘shgan hissasi beqiyos.
1925 yil 2 sentyabrda Chimkent viloyatining Sayram qishlog‘ida oddiy dehqon oilasida dunyoga kelgan Hoji-Akbar Rahmonqulov yoshligidan mehnatsevarlik va vatanga muhabbat xislatlarini namoyon etdi. Uning yoshligi Ikkinchi jahon urushining og‘ir yillariga to‘g‘ri keldi. Yosh bo‘lsa-da dastlab front ortida mehnat qildi, keyinchalik frontga ketdi.
Urushdan keyin Leningrad ofitserlar bilim yurtini tamomlab, 1946 yili kichik leytenant unvoni bilan zaxiraga chiqdi. U Vatan urushi ordeni va 12 ta jangovar va yubiley medallari bilan taqdirlandi.
Urushdan keyin H.Rahmonqulov Toshkent yuridik institutiga o‘qishga kirdi. 1950 yilda institutni muvaffaqiyatli tamomlagach, Adliya vazirligida mehnat faoliyatini boshladi. 1957 yilda esa Leningrad davlat universitetining aspiranturasiga qabul qilindi.
1960 yilda «Paxta tayyorlash va uni yetkazib berish bo‘yicha munosabatlarning huquqiy shakllari» mavzusida nomzodlik, 1970 yili esa «Sanoat va qishloq xo‘jaligi o‘rtasidagi tovar aylanishi sohasidagi shartnoma munosabatlari» mavzusida doktorlik dissertatsiyasini yoqladi. Bu ishlar O‘zbekiston iqtisodiyotining muhim masalalariga bag‘ishlangan bo‘lib, unda muammolarning huquqiy yechimlarni taklif qildi. Uning istiqbolni anglash va chuqur tahliliy fikrlash qobiliyati ushbu tadqiqotlarda o‘z aksini topdi. Shu o‘rinda ta’kidlash lozimki, u sho‘rolar davridayoq bozor munosabatlariga o‘tish zarurligini oldindan ko‘ra bildi.
1960-1980 yillarda H.Rahmonqulov O‘zbekiston Fanlar akademiyasining I.Mo‘minov nomidagi Falsafa va huquq institutida ilmiy xodim, shu’ba mudiri lavozimlarida ishladi va samarali ilmiy ijod qildi. O‘sha davrda jamiyatning iqtisodiy asosini tashkil etgan sotsialistik mulk shakli sharoitida tovar aylanishini tartibga solishning huquqiy shakllari va uslublari haqidagi xulosalari va takliflari alohida qiziqish uyg‘otdi, ilmiy bahs-munozaralarga sabab bo‘ldi hamda huquqshunos olimlarning asarlarida yuqori darajada e’tirof etildi.
1980-1985 yillarda H.Rahmonqulov Samarqand davlat universitetining yuridik fakultetida o‘zining tashabbusi bilan tashkil qilingan “Fuqarolik-huquqiy fanlar” kafedrasi mudiri sifatida pedagogik faoliyat olib bordi. O‘qituvchilar tomonidan o‘quv qo‘llanmalarini tayyorlash va nashr etilishiga boshchilik qildi hamda fakultet ilmiy salohiyatini oshirishga munosib hissa qo‘shdi.
1985-1989 yillarda H.Rahmonqulov yana Falsafa va huquq institutida shu’ba va huquq bo‘limi mudiri lavozimlarida ishladi. 1989 yilda institut direktori lavozimiga saylandi va Fanlar akademiyasi tomonidan tasdiqlandi.
Institutda o‘sha paytda faqat bitta ixtisoslashtirilgan kengash – falsafa fanlari bo‘yicha doktorlik va nomzodlik dissertatsiyalarini himoya qilish kengashi faoliyat yuritar edi. Uning tinimsiz xatti-harakati bilan institutda huquq fanlari bo‘yicha mintaqaviy ixtisoslashtirilgan kengash tashkil qilindi. Kengash nafaqat O‘zbekiston, balki boshqa respublikalar uchun ham yuqori malakali huquqshunos olimlarni tayyorlashga hamda Falsafa va huquq institutining ilmiy nufuzini oshirishga xizmat qildi.
H.Rahmonqulovning Prezident davlat maslahatchisi sifatidagi faoliyati davri respublika hayotidagi ulkan tarixiy voqealarga to‘g‘ri keldi. O‘zbekiston o‘zini suveren davlat deb e’lon qildi. Respublikaning mustaqil davlat sifatidagi huquqiy maqomini belgilash, O‘zbekiston Konstitutsiyasini ishlab chiqish hamda yangi siyosiy sharoitlarda boshqa suveren respublikalar bilan munosabatlarning huquqiy asoslarini aniqlash masalalari kun tartibiga qo‘yildi.
Bu jarayonlarda u bevosita ishtirok etdi. Xususan, Konstitutsiyaviy komissiya a’zosi sifatida Hoji-Akbar Rahmonqulov Konstitutsiya loyihasining «Jamiyat va shaxs» bo‘limi ustida ishlagan ishchi guruhga rahbarlik qildi.
Shu davrda uning «Fuqarolik: shaxs huquqlari, burchlari va erkinligi» nomli monografiyasi nashr etildi. Bu mazkur mavzuga bag‘ishlangan birinchi kompleks va yaxlit monografiya edi.
Undagi ilmiy asoslantirilgan taklif va tavsiyalari Konstitutsiya loyihasining fuqarolik, shaxsiy huquq va erkinliklar, siyosiy huquqlar, iqtisodiy va ijtimoiy huquqlar, inson huquq va erkinliklarining kafolatlari hamda fuqarolar burchlariga bag‘ishlangan boblarini ishlab chiqishda e’tiborga olindi.
H.Rahmonqulov yangi Fuqarolik kodeksi konsepsiyasini ishlab chiqishga ham rahbarlik qildi va uning loyihasini tayyorlashda o‘zining tashkilotchilik va yuksak ilmiy iqtidorini namoyon etdi.
Bu kodeksni olimlar «Bozor iqtisodiyoti konstitutsiyasi» deb atashadi. Kodeks yangi jamiyat tuzumi rivojlanishi tendensiyalarini hisobga olgan holda ishlab chiqilgan va keng munosabatlar doirasini qamrab olgan.
H.Rahmonqulov mutaxassislar ishchi guruhi faoliyatiga rahbarlik qilib, O‘zbekiston Respublikasining muhim qonun hujjatlaridan biri – Oila kodeksi loyihasini tayyorlashga ham rahbarlik qildi. Ushbu kodeks 1998 yil 30 aprelda tasdiqlangan.
H.Rahmonqulovning ilmiy-tadqiqot faoliyati uning pedagogik faoliyati bilan doimo uzviy bog‘liq bo‘lgan. ToshDU yuridik fakultetida «Fuqarolik huquqi» fanidan muntazam ma’ruzalar o‘qidi. 1993 yilda H.Rahmonqulov tashabbusi bilan Toshkent davlat yuridik institutida yangi «Bozor-xo‘jalik huquqi» kafedrasi tashkil etildi. U kafedrani boshqarib, o‘quv dasturini ishlab chiqdi va unga muvofiq ma’ruzalar o‘qidi.
1999 yilda esa mustaqil O‘zbekistonning boshqa mamlakatlar bilan mulkiy, savdo-iqtisodiy, oilaviy va mehnat munosabatlari rivojlanishini hisobga olgan holda uning tashabbusi bilan «Xalqaro xususiy huquq» kafedrasi tashkil etildi. Kafedrada yosh olim-mutaxassislar «Rim xususiy huquqi», «Xalqaro xususiy huquq», «Xalqaro savdo huquqi», «Korporativ huquq», «Majburiyatlar huquqi» va boshqa fanlardan dars berdi.
H.Rahmonqulovning eng katta xizmatlaridan biri uning o‘z ilmiy maktabini yaratganidir. U kishi faqat shaxsiy tadqiqotlar bilan cheklanib qolmadi, balki yuzlab yosh olimlar, huquqshunoslar va amaliyotchi yuristlarni tarbiyaladi. Uning rahbarligida himoya qilingan dissertatsiyalar, yozilgan monografiyalar va ilmiy ishlar orqali butun bir sivilistik huquq maktabi shakllandi.
H.Rahmonqulov nafaqat O‘zbekiston, balki Markaziy Osiyoning boshqa respublikalari uchun ham ilmiy kadrlar tayyorlashda katta hissa qo‘shdi. Uning ilmiy rahbarligi ostida O‘zbekiston, Tojikiston, Turkmaniston, Ozarbayjondan 60 dan ortiq fan nomzodi va 15 dan ortiq fan doktori tayyorlangan.
Bugun akademikning ko‘plab shogirdlari yurtimizda va xorijda nufuzli olim, sudya, prokuror, yuriskonsult va davlat arboblari sifatida faoliyat yuritmoqda. Ular o‘z ustozidan nafaqat ilm, balki insoniylik, mas’uliyat va sadoqat darsini ham olgan.
Xulosa qilib aytganda, akademik Hoji-Akbar Rahmonqulov – ilm va insonparvarlik uyg‘unlashgan, saxovatli ustoz va yuksak ma’naviyat egasi sifatida milliy huquqshunoslik tarixida abadiy iz qoldirgan.
Ustozning 100 yilligi – bu shonli tarixiy sana, uning hayoti va ilmiy merosi katta xazina va ulkan ibrat maktabidir.
Foziljon Otaxonov,
Odil sudlov akademiyasi professori, yuridik fanlar doktori.