Konstitutsiyaviy islohot inson qadri uchun

Samarqand shahridagi "Do‘stlik uyi"da nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari ishtirokida mamlakatimizdagi muhim siyosiy jarayon — Konstitutsiyaviy qonun loyihasi bo‘yicha referendumga bag‘ishlangan «Inson huquq va erkinliklarini himoya qilish — davlatning konstitutsiyaviy burchi» mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi milliy markazi, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Davlat va huquq instituti, Barqaror rivojlanish markazi, O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi hamkorligida tashkil etildi.
Uchrashuvda yangi tahrirdagi Konstitutsiyaga kiritilishi ko‘zda tutilayotgan normalar, o‘zgartishlar haqida batafsil ma’lumot berildi.
- Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda shu paytgacha mavhum bo‘lib kelgan sohalar ham e’tirof etilib, barcha o‘zgarishlarda xalqimiz manfaati, inson qadr-qimmatini ulug‘lashga katta e’tibor qaratilmoqda, - dedi O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Davlat va huquq instituti direktori, yuridik fanlari doktori, katta ilmiy xodim Murodjon Turg‘unov. - Jumladan, Konstitutsiyaviy qonun loyihasining 148-moddasida «Fuqarolar va fuqarolik jamiyati institutlari O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetining shakllantirilishi hamda ijro etilishi ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshiradi.
Fuqarolarning hamda fuqarolik jamiyati institutlarining byudjet jarayonida ishtirok etishi tartibi va shakllari qonun bilan belgilanadi», deya qayd etilmoqda. Bu amaldagi demokratik islohotlarning uzviyligini anglatadi. Umuman olganda, yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning qabul qilinishi «Inson qadri uchun» tamoyili asosida xalq farovonligini yanada oshirish, davlat va fuqarolik jamiyatining jadal rivojlanishi uchun mustahkam asos yaratadi.
Targ‘ibot tadbirida Konstitutsiyaviy qonun loyihasidagi o‘zgartish va qo‘shimchalar haqida atroflicha so‘z yuritildi. Ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollariga batafsil javob olishdi.
Tadbirda viloyat ko‘zi ojizlar jamiyati faoli Abduhamid Abdumannonovga jamiyat a’zolari o‘rtasida targ‘ibot olib borish uchun Konstitutsiyaviy qonun loyihasining brayl alifbosidagi nusxasi topshirildi.
Fazliddin Ro‘ziboyev.