Konstitutsiya - xalqimiz xohish-irodasining oliy ifodasi
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining g‘oyasi, maqsadi, ruhi - har bir qoidasi Inson huquqlari Umumjahon deklaratsiyasi, asrlar mobaynida shakllangan demokratik qadriyatlar, milliy davlatchilik, shuningdek, bir necha ming yillardan buyon avloddan avlodga meros bo‘lib kelayotgan o‘zbekona va sharqona davlatni idora etish hamda xalq bilan bamaslahat siyosat olib borish an’analarini o‘zida to‘la mujassamlashtirgan.
Prezidentimizning “Hammamizni tarbiyalagan, voyaga yetkazgan - shu xalq. Barchamizga tuz-nasiba bergan ham - shu xalq. Bizga ishonch bildirgan, rahbar qilib saylagan ham aynan shu xalq. Shunday ekan, biz birinchi navbatda kim bilan muloqot qilishimiz kerak - odamlarimiz bilan. Kim bilan bamaslahat ish tutishimiz kerak - avvalo xalqimiz bilan. Shunda xalqimiz bizdan rozi bo‘ladi. Xalq rozi bo‘lsa, ishimizda unum va baraka bo‘ladi. Xalq bizdan rozi bo‘lsa, Yaratgan ham bizdan rozi bo‘ladi”, degan fikrlari xalq bilan bamaslahat siyosat olib borish an’analari davom etayotganligining amaliy isbotidir.
Qadimiy Sharq hamisha o‘zining azaliy an’analari, betimsol qadriyatlari bilan kishilik jamiyatiga o‘z ta’sirini o‘tkazib kelgan. Jumladan, turonzamin jahonning ulug‘ davlatchilik solnomasida o‘zining qator hokimiyat tuzilmalari, dovrug‘li saltanatlari, davlat ishlarini yuritish tajribasi bilan munosib o‘rin tutadi. Ayniqsa, davlat boshqaruvining huquqiy asoslari barpo etilib, bu borada muayyan tajribaga erishilgan. Xalqning huquqiy ongi, madaniyati va ma’rifatini o‘stirish barobarida jamiyatda qonunlar ustuvorligini ta’minlash, hamma uchun birdek taalluqli, adolatli, haqqoniy qonunlar ishlab chiqish mexanizmlari yaratilgan. Shu bois ham “har qanday davlatning konstitutsiyasi unda yashovchi xalqning irodasini, ruhiyatini, ijtimoiy ongi va madaniyatini aks ettiradi. Konstitutsiyamiz tom ma’noda xalqimiz tafakkuri va ijodining mahsulidir”.
Xalqimizda “Kengashli to‘y tarqamas” degan g‘oyat ibratli bir maqol bor. Ijtimoiy hayotimizning qaysi bir jihatiga e’tibor qaratmaylik, mana shu hikmatga amal qilinishini kuzatishimiz mumkin. Qaysi bir joyda ibratli bir ish bo‘lsa, u kengashilgan tadbirning natijasi ekaniga guvoh bo‘lamiz. Bu bejiz emas, zotan biz ulug‘vor o‘tmishimizdan shunday saboq olganmiz. Sohibqiron Temur o‘z tuzuklarida shunday ta’lim beradi: “Davlat ishlarining to‘qqiz ulushi kengash, tadbir va mashvarat, qolgan bir ulushi esa qilich bilan bajo keltirilur... Yuz ming otliq askar qila olmagan ishni bir to‘g‘ri tadbir bilan amalga oshirish mumkin... Har kimdan so‘z olib kengash so‘rar edim. Lekin aytilgan har bir maslahatning yaxshi va yomon tomonlari haqida o‘ylab ko‘rgach, to‘g‘ri va savoblirog‘ini tanlab olardim”.
Bu haqda mashhur nemis tarixchisi F.Shlosser ham shunday ma’lumot beradi: “... sarkarda, hokim va qonunchi sifatida buyuk talant egasi edi. Yolg‘onni yomon ko‘rar, bilimga muhabbat qo‘yishdan mahrum emas edi. Uning manzilida shoirlar, olimlar, mashshoqlar va mistiklar (so‘filar) ko‘p bo‘lardi... u odil sudya, ilm-fan do‘sti, birga suhbatlashishni xush ko‘radigan, rassomlar va olimlarning homiysi edi”.
Bu fikr to‘g‘ridan-to‘g‘ri xalqning xohish-irodasini qonunlarda ifoda etish, baayni uning tomonidan saylangan vakillar orqali bajarilishi lozimligini bildiradi. Shuning uchun ham “Davlatning yagona manbai xalq” degan qoida barcha zamonlarda o‘z dolzarbligini saqlab kelgan. Jan Jak Russo: “Qonunga itoat etguvchi xalq uning ijodkori ham bo‘lmog‘i lozim” deydi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi xalqimiz siyosiy-huquqiy tafakkurining yuksak namunasidir”, deb ta’kidlagan edi. Darhaqiqat, suveren Respublikamiz Konstitutsiyasi - inson va fuqaro huquqlarining demokratik xartiyasi bo‘lib, u huquqiy va insonparvar davlatni shakllantirishning strategik dasturi vazifasini o‘tab kelmoqda. Konstitutsiya - davlatimiz mustaqilligining huquqiy zamini, xalq xohish-irodasining oliy ifodasi sifatida maydonga chiqdi. U eng taraqqiy topgan, rivojlangan davlatlarning konstitutsiyaviy tajribalariga tayanish bilan birga, tarixda sinalgan umuminsoniy, umumbashariy qadriyatlarni o‘zida mujassam etgan huquqiy hujjat.
Konstitutsiya o‘zbek davlatchiligini zamonaviy, ma’rifiy asosda qayta tiklash, tinch-totuv yashash va tinchlikni barcha choralar bilan mustahkamlash, demokratiyani chuqurlashtirish, inson huquqlari va davlat suvereniteti g‘oyalariga sodiq qolish, adolatli huquqiy davlat barpo etish, fuqarolar tinchligi va milliy hamjihatlikni ta’minlash kabi vazifalarga mas’ul va kafolat bo‘lib hisoblanadi.
Konstitutsiya istiqlol mahsuli, shu bilan birga uni himoya qiluvchi qalqon, jamiyatimizning asosiy huquqiy poydevori hamdir. Uning eng muhim jihatlaridan biri shundaki, unda davlatning qiyofasi, jamiyatning xususiyati yaqqol o‘z ifodasini topadi, hayotimizning siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy, ma’naviy-ma’rifiy va huquqiy tizimi demokratik tamoyillarga asoslangani, umuminsoniy qadriyatlarning ulug‘lanayotganligi, fuqarolarning huquq va erkinliklari nechog‘li kafolatlangani hamda himoya qilinayotgani ko‘rinib turadi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 27 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi ma’ruzasida Bosh qomusimizning mohiyati haqida to‘xtalib, shunday deb ta’kidlagan edilar: “Har bir davlat o‘z istiqlol va taraqqiyot yo‘lini tanlar ekan, xalq farovonligini ta’minlashga xizmat qiladigan eng muhim maqsad va vazifalarini o‘zining Konstitutsiyasi - Asosiy qonunida mustahkamlab oladi. Binobarin, o‘z xalqining xohish-irodasi, dili va tilidagi ezgu niyatlariga hamohang Konstitutsiyaga ega bo‘lgan mamlakat o‘zi belgilagan yuksak marralardan hech qachon og‘ishmasdan, doimo oldinga qarab boradi. Konstitutsiya bashariyat hayotida ilk bor insonning ozod va erkin yashash, mulkka ega bo‘lish, ta’lim olish, mehnat qilish, saylash va saylanish kabi huquqlarini, so‘z hamda e’tiqod erkinliklarini oliy qadriyat darajasiga ko‘tardi”.
Darhaqiqat, O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining ilk davrida qabul qilingan Konstitutsiya - shaxs, jamiyat va davlat o‘rtasidagi munosabatlarda o‘zaro huquq va majburiyatlar hamda ularning kafolatlarini aniq-ravshan belgilab berdi.
Konstitutsiyamizning 18-moddasida belgilab qo‘yilganidek, O‘zbekiston Respublikasida barcha fuqarolar bir xil huquq va erkinliklarga ega bo‘lib, jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e’tiqodi, shaxsi va ijtimoiy mavqeidan qat’i nazar, qonun oldida tengdirlar.
Dunyo hamjamiyati oldida yangilangan qiyofasi, xalqaro hamjamiyat bilan yaqin qo‘shnichilik, strategik sherikchilik hamda o‘zaro hurmatga asoslangan ochiqlik va oshkoralik siyosati bilan tanilib, jahonda tutgan o‘rni va nufuzi yildan yilga yuksalib borayotgan O‘zbekistonda keyingi yillarda amalga oshirilgan insonparvar islohotlar tufayli yurtimiz fuqarolari tengligining kafolatlari ta’minlanib, zamonaviy demokratik taraqqiyot uchun zamin yaratilmoqda.
Aynan shu sababli Konstitutsiyamizni ehtirom bilan ulug‘lashimiz, har tomonlama o‘rganishimiz, unga izchil amal qilishimiz, Asosiy qonunimizda mujassam bo‘lgan ajdodlarimizning buyuk merosi va umuminsoniy qadriyatlarni yoshlarimiz qalbiga singdirishimiz zarur.
Biz intilayotgan demokratik jamiyatning istiqboli, birinchi navbatda, demokratik qadriyatlar har birimizning qalbimiz va ongimizdan qay darajada chuqur o‘rin olishiga, bu qadriyatlarning nechog‘li asrab-avaylanishi va kelajak avlodlarga yetkazilishiga bevosita bog‘liq. Bu borada esa Konstitutsiyaning mazmun-mohiyatini chuqur anglab yetish, konstitutsion talablarga qat’iy rioya etish darkor.
Mamlakatimizda tinchlik, barqarorlik va millatlararo totuvlikni ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar zamirida yurtimizdagi turli millat va elat ijtimoiy toifa-yu, kasbu-korga mansub bo‘lgan kishilarni ma’naviy-mafkuraviy tajovuzlardan asrash, ularni ogohlikka chorlash, mavjud xavf va taxdidlarning oqibatlarini anglab yetish, ular haqida jamoatchilik fikrini shakllantirish, eng muhimi, milliy istiqlol g‘oyasi asosida xalqni birlashtirish, jipslashtirish, yosh avlod ongi va qalbida ezgu g‘oyalarga sadoqat tuyg‘ularini tarbiyalashga qaratilgan tizimli va aniq maqsadli amaliy harakatlar mujassamdir.
Bugungi kunda yurtdoshlarimizning nafaqat bilimini oshirish, balki ular qalbida va amaliyotida mustaqilligimizni mustahkamlash bilan bog‘liq demokratik tafakkur va yangi g‘oyalarni kamol toptirish, ularni yurtimiz tinchligi, xalqimiz farovonligi va Vatanimiz taraqqiyotini anglash yo‘lida ezgu ishlarga rag‘batlantirish, odamlar ongu shuurida xayotimizning turli sohalarida olib borilayotgan keng qamrovli demokratik islohotlarga daxldorlik, bunyodkorlik, kelajakka ishonch va shukronalik tuyg‘ularini mustahkamlash alohida ahamiyat kasb etadi.
“Konstitutsiya va qonun ustuvorligi - farovon hayot garovi”, “Biz bugun o‘z oldimizga katta-katta maqsadlar qo‘yib, marrani baland oldik”, “O‘zbekistonda demokratik islohotlar muqarrar tus oldi va hech kim, hech qanday kuch bizni o‘z tanlagan yo‘limizdan qaytara olmaydi”, “Bu - ko‘p millatli, bag‘rikeng, mehnatkash va olijanob xalqimizning xohish-istagi”, “El-yurtimiz, jahon hamjamiyati bizga katta ishonch bilan qaramoqda. Ana shu yuksak ishonchga har tomonlama munosib bo‘lib, qat’iyat bilan olg‘a intilib, ko‘zlagan ulug‘ maqsadlarimizga birgalikda albatta yetamiz”. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan aytilgan bu hikmatli da’vatlarning ma’no-mohiyati bugun xalqimizning, millatidan qat’iy nazar, shu yurtda yashayotgan har bir insonning hayotidan mustahkam o‘rin egalladi, tom ma’noda qalb amriga aylandi.
Asosiy Qonunimizning 8-moddasida “O‘zbekiston xalqini millatidan qat’i nazar, O‘zbekiston Respublikasining fuqarolari tashkil etadi”, deb belgilab qo‘yilgan. “O‘zbekiston xalqi” tushunchasi mamlakatimizda yashab, yagona maqsad yo‘lida mehnat qilayotgan turli millat va elatlarga mansub kishilar o‘rtasidagi o‘zaro hurmat, do‘stlik va xamjixatlik uchun ma’naviy asos bo‘lib xizmat qilmoqda.
O‘zbekistonda 130 dan ziyod millat va elat vakillari yashaydi. Bag‘rikengilik va millatlararo totuvlik g‘oyasi jamiyatimizda yashab, yagona maqsad yo‘lida mehnat qilayotgan turli millat va elatlarga mansub kishilar o‘rtasidagi o‘zaro hurmat, do‘stlik va hamjixatlikning ma’naviy asosiga aylanmoqda. Bu g‘oya har bir millat vakilining iste’dodi va salohiyatini to‘la ro‘yobga chiqarish uchun sharoit yaratib, uni vatan ravnaqi, yurt tinchligi, xalq farovonligi kabi ezgu maqsadlar sari safarbar etmoqda.
Istiqlol yillarida har qanday insonning eng mo‘’tabar orzusi, astoyidil intilgan asosiy maqsadi - sog‘lom, barkamol avlodni tarbiyalash, har tomonlama komil insonni voyaga yetkazishdan iborat, degan mas’uliyat psixologiyasi jamiyatimizda qayta qaror topdi.
Ma’naviy boy va axloqan yetuk, intellektual rivojlangan va yuqori bilimli, jismonan baquvvat va har tomonlama kamol topgan shaxsni shakllantirish milliy istiqlol siyosatining uzviy qismi hisoblanadi. Hozirgi zamonda faqat yuksak bilimli, zamonaviy, mustaqil fikrlaydigan, intellektual rivojlangan va amaliy kasb-hunarlarga ega bo‘lgan yoshlargina mamlakatning buyuk kelajagini ta’minlashi mumkin.
Intellektual salohiyatning yuksak darajada rivojlanishi xalqning milliy-ma’naviyati yuksalishida ham ulkan omildir. Yana bir muhim tomoni, u milliy manfaatlarni himoya qilishda qudratli qurol vazifasini bajaradi. Qolaversa, intellektual jihatdan rivojlangan mamlakatda demokratik qadriyatlar va ko‘nikmalar barqaror rivojlanadi. Chunki intellektual boylik faqat bilim, aqlu tafakkur, ilm-fan salohiyati bilan birga, yuksak ma’naviyatni ham o‘z ichiga oladi.
Shuning uchun ham Yurtboshimiz ana shu omillarning barchasini nazarda tutib, O‘zbekistonda ta’lim tizimini har tomonlama rivojlantirish borasida yangi tashabbus va g‘oyalarni muntazam ilgari surib kelmoqda. Bu tashabbuslar amalda o‘z tasdiqini topib, yurtimiz ravnaqi va xalqimiz farovonligini ta’minlayotgani barobarida, jahon hamjamiyati e’tirofiga ham sazovor bo‘lmoqda.
Konstitutsiyamizning 42-moddasida: “Xar kimga ilmiy va texnikaviy ijod erkinligi, madaniyat yutuqlaridan foydalanish kafolatlanadi. Davlat jamiyatning madaniy, ilmiy va texnikaviy rivojlanishiga g‘amxo‘rlik qiladi”, deyilgan. Mamlakatimiz oliy o‘quv yurtlarida ta’lim, ilm-fan va ishlab chiqarishning integratsiyalashuv jarayoni izchil rivojlanayotgani misolida ham ana shu konstitutsiyaviy qoidaning hayotimizga nechog‘lik chuqur tadbiq etilayotganini ko‘rish, kuzatish kishiga maroq bag‘ishlaydi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Mustaqilligining yigirma to‘qqiz yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi nutqida: “Bugun jahon miqyosida yurtimiz haqida so‘z ketganda “Yangi O‘zbekiston” iborasi tilga olinmoqda. Bu keyingi yillarda taraqqiyotning mutlaqo yangi bosqichiga qadam qo‘yganimiz, erishayotgan zalvorli yutuqlarimizning e’tirofidir. Xalqimizning ulug‘vor qudrati jo‘sh urgan hozirgi zamonda O‘zbekistonda yangi bir uyg‘onish - Uchinchi Renessans davriga poydevor yaratilmoqda, desak, ayni haqiqat bo‘ladi. Chunki bugungi O‘zbekiston - kechagi O‘zbekiston emas. Bugungi xalqimiz ham kechagi xalq emas”, degan edilar.
Bu tarixiy haqiqat. Xalqimizning buyuk tarixi bor. Ilm-fan, ma’naviyat- ma’rifat, qurilish-san’at, qo‘yingki, barcha sohalarda ilg‘or bo‘lgan buyuk bobokalonlarimiz dunyo tamaddunining tamal toshini qo‘yganlar. Tarixga murojaat qilsak, xalqimiz ikki Renessansni boshidan kechirgan. Uzoq tarixni o‘z ichiga olgan bu ikki uyg‘onish davrida buyuk allomalarimiz, donishmand xalqimiz jonajon yurtimiz dunyo sivilizatsiyasi beshigi ekanligini amalda ko‘rsatishgan.
Bugun yurtimiz haqida fikr yuritilganda “Yangi O‘zbekiston”, ”Taraqqiyotning yangi bosqichiga kirib borayotgan mamlakat” kabi sharafbaxsh iboralar ishlatilyapti. Bu qo‘lga kiritayotgan ulkan muvaffaqiyatlarimizning amaliy samarasi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Demak, milliy tiklanishdan milliy yuksalish sari dadil harakatdamiz. Yuksalish esa raqamli iqtisodiyotga o‘tish, ishlab chiqarishni bosqichma-bosqich modernizatsiya qilish, avtomatlashtirish, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalar bilan boyitish, shu bilan birga o‘zligimizni, ma’naviyatimizni, milliy qadriyatlarimizni rivojlantirishni taqozo etadi.
Shunday ekan, har bir yurtdoshimiz bugun mamlakatimizda barq urib turgan bebaho ne’mat - tinchlik, totuvlik, barqarorlikning qadriga yetib, Uchinchi Renessans davri poydevoriga g‘isht qo‘yish, ya’ni yurtimiz taraqqiyotiga munosib xissa qo‘shish uchun astoydil harakat qilmog‘i lozim.
Xudoyor MAMATOV,
Markaziy saylov komissiyasi Kotibiyat rahbari, yuridik fanlar doktori, professor.