Koreya xalqaro hamkorlik agentligi prezidenti Samarqandda
Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA) prezidenti Chang Von Sam boshchiligidagi delegatsiya Samarqandga tashrif buyurdi.
Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA) texnik ko‘mak ko‘rsatish, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishni qo‘llab-quvvatlash va xalqaro hamkorlikni kengaytirish, shuningdek, hamkor davlatlar bilan sheriklik aloqalarini mustahkamlash yo‘li bilan beminnat yordam dasturlarini amalga oshiradi.
Shu asosdagi faoliyat davomida O‘zbekiston bilan hamkorlik davrida KOICA agentligi umumiy qiymati 270 million AQSh dollaridan ortiq bo‘lgan 40 dan ortiq turli loyiha va rivojlanish dasturlarini amalga oshirib kelmoqda. Bugungi kunda O‘zbekistondagi joriy loyihalar portfeli ta’lim va malaka oshirish yo‘nalishida 47,9 million dollarni, sog‘liqni saqlash yo‘nalishida 19,5 million, davlat boshqaruvida 42,69 million, yashil rivojlanishda 13,3 million dollarni tashkil qilmoqda.
Delegatsiya dastlab Samarqand shahrida KOICA tomonidan barpo qilingan kasb-hunar ta’lim markazi faoliyati bilan tanishdi.
Markazda bugungi kunda 6 ta zamonaviy kasb, 3 ta xorijiy til kurslari hamda tadbirkorlik va biznes loyihalari bo‘yicha kurslar tashkil qilingan. Ularda ayni paytda 280 nafar yoshlarga kasb-hunar o‘rgatilayotgan bo‘lsa, 200 nafardan ortiq fuqaro xorijiy til hamda tadbirkorlik va biznes kurslarida o‘qitilmoqda.
Chang Von Sam boshchiligidagi delegatsiya markaz rahbari Ismoil Ergashev hamrohligida kasblarni o‘rgatish jarayoni bilan yaqindan tanishdi. Kasb-hunar o‘rganayotgan fuqarolar bilan muloqot qilib, yaratilgan sharoitlar samaradorligini ko‘zdan kechirdi. Tashrif yakunida markaz mas’ullari bilan hamkorlikni rivojlantirish borasida qisqa muloqot o‘tkazildi.
Uchrashuvda tomonlar hamkorlik istiqbollari, xususan, KOICA tomoni sanoat yo‘nalishidagi mutaxassislarga talab yuqori ekanligini ta’kidlab, mazkur yo‘nalishda kadrlash jarayonini jadal rivojlantirish taklifini ilgari surdi.
– Tashrifimizdan ko‘zlangan maqsad KOICA tomonidan amalga oshirilayotgan loyihalarning holatini ko‘zdan kechirishdan iborat edi, – deydi Koreya xalqaro hamkorlik agentligi prezidenti Chang Von Sam. – Samarqandagi markaz faoliyati bilan tanishib, xursand bo‘ldim. Bizning maqsadimiz amalda o‘z natijasini berayotganligi bizni quvontirdi. O‘ylaymanki, O‘zbekistondagi boshqa loyihalarimiz ham xuddi shunday samarali amalga oshirilmoqda. Markaz bilan tanishuv jarayonida fuqarolarning kasblarni o‘rganishga bo‘lgan ishtiyoqi meni ruhlantirdi. Ayniqsa, bu yerda kasb o‘rganib, Koreyada bo‘lib qaytgan fuqarolarning fikrlari meni ta’sirlantirdi. Loyihamizning maqsadi ham kasb o‘rgatish orqali texnik yo‘nalishlarda malakali mutaxassislarni tayyorlash, hoxlovchilarni Koreyaga mehnat faoliyatiga jalb qilishdan iborat. Albatta, bizdagi yirik sanoat korxonalarida faoliyat yuritgan mutaxassislar O‘zbekistonga qaytgach yurtingiz sanaoti salohiyatini yuksaltirishga hissa qo‘shuvchi kadrlar bo‘lib xizmat qiladi. Bizning kelgusi rejalarimiz sanoat uchun malakali mutaxassislar tayyorlashga karatilmoqda. Bu yo‘nalishda ham hamkorligimiz istiqbolli bo‘lishiga ishonaman.
Koreya xalqaro hamkorlik agentligi prezidenti Chang Von Sam va Samarqand viloyati hokimining birinchi o‘rinbosari Feruz Abilovning uchrashuvida ham tomonlar kelgusi hamkorlik yo‘nalishlari haqida o‘zaro fikr almashdilar.
Xususan, Samarqand mas’ullari KOICA tomonidan amalga oshirilayotgan loyihalar Samarqand viloyati ijtimoiy-iqtisodiy hayotida muhim ahamiyat kasb etayotganligini ta’kidlab, texnik yo‘nalishlardan tashqari, tibbiyot sohasida ham hamkorlikni rivojlantirishdan manfaatdor ekanliklarini bildirishdi. Xususan, Samarqand davlat universitetida tibbiyot xodimlari malakasini baholash markazini tashkil qilish, viloyatda tez tibbiy yordam ko‘rsatish tizimini yanada rivojlantirish borasidagi bir nechta loyihalar taqdim etildi. KOICA tomoni har qanday hamkorlik ikki tomonning sa’y-harakatlari va qo‘llab-quvvatlashi asosida amalga oshirilishini bildirib, taklif etilgan yo‘nalishlar dolzarb ekanligini qayd etishdi.
Janob Chang Von Sam boshchiligidagi delegatsiya Samarqandning diqqatga sazovor joylari bilan ham tanishdi.