Koronavirus: 2000 ta zaxira o‘rin hozirlandi  

Ayni kunlarda viloyatda 223 nafar fuqaro koronavirus xastaligi bilan davolanmoqda. Har kuni test natijalari musbat chiqayotgan aholi soni oshib bormoqda. Virus yuqtirganlarning 146 nafari uning yengil shakli bilan og‘rigan bo‘lib, uy sharoitida davolanayotgan bo‘lsa, 77 nafari statsionar sharoitda davolanmoqda.

Xabaringiz bor, Samarqandda virusni davolashga mo‘ljallangan, barcha shart-sharoitlarga ega maxsus shifoxona qurib bitkazildi. Unda tajribali infeksionist shifokor va reanimatologlar faoliyat ko‘rsatmoqda. Ayni paytda mazkur shifoxonada 77 nafar bemor davolanmoqda.  

Shuningdek, viloyat miqyosida 6 ta shifoxonada 2020 o‘rinli zaxira o‘rinlar tashkil etilgan bo‘lib, ularning 370 tasi reanimatsion koykalardir. Ushbu zaxira bo‘limlari ham bemorlarni virusdan davolash uchun barcha shart-sharoitlar, kislorod bilan ta’minlovchi uskunalarga ega. Alohida ta’kidlashni istardimki, keyingi ikki yil ichida viloyatga to‘rtta kislorod stansiyasi keltirildi va shifoxonalarga o‘rnatildi. Shu nuqtai nazardan bu masalada muammo bo‘lmaydi.  

Qolaversa, Samarqand shahridagi 4-oilaviy poliklinika hamda maxsus shifoxona qoshida kovid-poliklinikalari tashkil etildi. Poliklinikalar 24 soat davomida faoliyat ko‘rsatadi. Shuningdek, viloyatning barcha tuman hamda shahar poliklinikalarining barchasida, tez tibbiy yordam bo‘limlarida mobil brigadalar mavjud bo‘lib, COVID-19 ga gumon qilingan bemorlarga chaqiriq bo‘yicha xizmat ko‘rsatadi.  

Kasallikni davolashda sog‘liqni saqlash vazirligi buyrug‘i bilan tasdiqlangan 49 turdagi dori-darmon zaxirasi mavjud. Shuningdek, uyda davolanayotgan bemorlar uchun 64 390 ta aptechka zaxirasi yaratilgan.  

Shuni alohida ta’kidlashni istardikki, fuqarolar o‘zboshimchalik bilan uyda davolanmasliklarini so‘raymiz. Sababi, haftalab uyda davolanib, so‘ng og‘ir ahvolda shifokorga murojaat qilayotgan bemorlar uchramoqda.

Suhrob Zayniyev,  

viloyat sog‘liqni saqlash  

boshqarmasi boshlig‘i  

o‘rinbosari.