Koronavirusdan davolanayotgan bemorlar soni 648 nafarni tashkil etmoqda

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanitariya-epidemiologiya nazorati davlat inspeksiyasi boshlig‘i, Respublika bosh davlat sanitariya inspektori Nurmat Otabekov koronavirusga chalingan bemorlar haqida ma’lumot berdi:

– Mamlakatimizda ayni daqiqalarga kelib, koronavirus infeksiyasiga chalingan 2314 fuqaro ro‘yxatga olingan. Bemorlarni davolashda ijobiy natijalar qayd etilyapti.

7 may kuni 79 nafar fuqaro to‘liq sog‘aygan va reabilitatsiya markazlariga o‘tkazilgan. Ayni paytga qadar 1656, ya’ni 72 foizdan ortiq bemor virusdan butkul forig‘ bo‘lgan.

Sog‘liqni saqlash vazirligi taqdim etgan ma’lumotga ko‘ra, shifoxonalarda davolanayotgan 648 bemordan 9 nafarining ahvoli og‘ir.

42 mingga yaqin fuqaro karantinda bo‘lib turibdi. Ulardan olingan namunalar muntazam laboratoriyalarda tahlil qilinmoqda. Oxirgi bir kunning o‘zida 12 ming 600 dan ko‘proq holatda, jami 371 mingdan ko‘proq laboratoriya tekshiruvlari o‘tkazilgan.