Koronavirusdan qo‘rqmaydigan odam

Uyda kitob mutolasidan biroz toliqib, hovlida chorpoyada o‘tirgandim. Qo‘l telefonim jiringlab qoldi.

- Assalomu alaykum, do‘st, - deya jaydari shevada erkin gapirdi ovoz egasi. - Tanimadingiz-a?

- Endi, ko‘p telefon bo‘ladi, quloq ham avtomatmas...

- Qishloqdan, Jo‘raqul jo‘rangizman!

- E, uzr-da jo‘ra, omonmisiz, tinchlikmi? Karantinda kitob o‘qiyapsizmi?

- Kitobni ayolim o‘qiydi. Bizning kitobimiz ketmon, yer chopish, dehqonchilik-da. Martning boshida kartoshka urug‘i ekuvdim, gulladi. Erta-indin kavlaymiz. Olti sotix, yomg‘irda biram yaxshi rivojlandiki, bir suv ichmay pishayapti. Bir yarim tonnani cho‘tlab turibman. Sarimsoqpiyoz, qizil lavlagi, ko‘kpiyoz, pomidor...

- Bo‘ldi, sizni bilmasam ekan, - dedim gapini bo‘lib. - Bog‘bon, dehqonning bolasisiz. Asalari boqasiz, sigiringiz bor. Karantinning siz kabi tomorqa pirlari uchun ahamiyati yo‘q. Karantin bo‘lmasayam tomorqadan chiqmasligingiz, tuman markazi-yu shaharga ham bormasligingizni yaxshi bilaman.

Jo‘raqul jo‘rani, rahmatli onasi, Do‘nan derdi. Biz, bolalar esa Do‘nan afandi, derdik. Afandiligi bor, sodda va to‘g‘ri, hazilni xush ko‘radi. U telefonda “Biz koronavirusdan qo‘rqmaymiz, tomorqamizdan chiqadigan sabzavot va mevalarni iste’mol qilgan odam kasallikka chalinmaydi. Kichkina qizim hamshira, yuqumli kasalliklar shifoxonasida ishlaydi. Qo‘shnimning qizi esa SESda laborant-epidemiolog. Ular viloyatimizda karantinda saqlanayotgan xorijdan kelgan fuqarolarga tibbiy xizmat ko‘rsatib, o‘n to‘rt kundan keyin uyga kelishdi. “Ota, shifoxonada karantindagilar dasturxonida bizning tomorqadagi hamma ziravor bor, siz  meva-sabzavot, ziravoru ko‘katlar berib bizlarni katta qildingiz, tabib otajonim mening”, deb ko‘rishish mumkin bo‘lmasa ham achomlashdi”, dedi.

Qishloqning odami, o‘qimagan deymiz. Hovlisi obod, turfa gullar ochilib, rayhon iforini taratib turibdi. Do‘nan jo‘raning falsafasini eshitib dunyodagi bugungi vaziyat, pandemiya holati ko‘z oldimdan o‘tdi. Tibbiyot ahli o‘zining, bola-chaqasining umr-joni tashvishi qolib, jabhaga o‘zini ursa, sog‘ holida kasallanganlar orasiga kirib, muolaja, ko‘mak beraman, deb tursa, buni hech nima bilan o‘lchab, qiyoslab bo‘lmaydi. Fidoyilik, Vatan tuyg‘usi, o‘z vatandoshiga jonfidolikning oliy tuyg‘usimasmikan? Shifokorlarni hozirgi zamonning qahramonlari deb atashyapti, yarashadi.

Televizordan tomosha qilayotganimiz koronavirusdan butkul sog‘ayib, reabilitatsiyaga o‘tkazilayotgan bemorlar quvonchi, yuzlab oq xalatu kombinizonda, niqobu maxsus ko‘zoynaklardagi shifokoru tibbiyot xodimlarining darvoza oldida shodligi, sog‘ayganlarni kuzatishayotgani har bir yurakni larzaga, hayajonga solmoqda. Bir vrachning uydagi qizaloqlari telefon qilib “Qulupnay yegimiz kelyapti, dadajon, obkelasizmi?”, degan so‘zlariga bir oydan beri uyiga borolmayotgan fidoyi shifokorning ko‘zlarida yosh bilan bolalariga javobini eshitib, ko‘rib siz ham yig‘laysiz.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev har ikki-uch kunda videoselektor yig‘ilish o‘tkazib, birinchi mavzu koronavirusga qarshi kurashish, kasallikni yengish, baloyi ofatni bartaraf etish haqida gapirmoqda, qat’iy chora-tadbirlar belgilamoqda. Xalqimiz nomidan shifokorlarga, ichki ishlar, favqulodda vaziyatlar, mudofaa vazirliklari xizmatchilari, sanitariya-epidemiologiya xizmati fidoyilariga chuqur minnatdorlik bildirmoqda. Karantin qoidalariga rioya etib, uyda o‘tirganlarga rahmat aytayapti. Allohning ko‘zga ko‘rinmas bir mitti zarrasi yer sharining muvozanatini buzib yuboray deyayotgan shu sinov pallada sarak-sarakka, puchak puchakka ajralyapti.  

Shu o‘rinda ko‘ngilning yana bir e’tirofiki, biz bugun xalq, millat ekanimizni rosmana anglab yetyapmiz. Mazkur vaziyat bizni yanada mas’uliyatliroq, burchliroq qilib qo‘yayotganini yoddan chiqarishga haqqimiz yo‘q. Aksincha, bu vijdon da’vati o‘laroq, bizni uyg‘oqlikka, temir safda turishga, ma’naviy safarbarlikka undamoqda. Nasib bo‘lsa, bu balolar chekingusi, bu kunlar o‘tgusi, omonlik kunlarga yaqin qoldi.

Ubay QODIR.