AQShga bir oilani 150 ming dollar evaziga yuborishni va’da qilgan shaxs ushlandi

Huquq-tartibot idoralari xodimlari tomonidan Toshkent shahrida o‘tkazilgan tadbirda Samarqand shahrida yashovchi fuqaro bu "ish"ni katta pul evaziga amalga oshirishini va’da qilgani aniqlangan.
Tezkor tadbirda u xorijiy fuqaro va uning 4 nafar oila a’zosini 150 ming AQSh dollari evaziga Turkiya orqali AQShga ishlash uchun yuborishini va’da qilib, mansabdor tanishlari yordamida vizani tayyorlab berishi uchun oldindan 15 ming AQSh dollari olgan vaqtida ushlangan.
Shuningdek, Toshkent shahrida vaqtincha yashovchi xorijiy fuqaro boshqa chet el fuqarosiga Buyuk Britaniya soxta fuqarolik pasportini tayyorlatib berishini va’da berib, ushbu pasport yordamida jami 25 ming AQSh dollari evaziga uni Turkiya va BAA orqali AQShga jo‘natib yuborishi uchun oldindan 12500 AQSh dollari olgan vaqtida qo‘lga olingan.
Ushbu holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi va 28, 211-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.