Qidiruvdagi «Captiva» topildi

Qidiruv tadbirlari davomida ushlangan “Captiva” avtomashinasi egasi avtoulovsiz qolishni istamay, masalani tanishlari orqali hal qilishga urindi.
Majburiy ijro byurosi viloyat boshqarmasi qidiruv shu’basiga Samarqand shahar sudining 2022 yil 18 oktyabrdagi qaroriga asosan javobgar U.Yu.dan aksiyadorlik tijorat “Kapitalbank” Samarqand filiali foydasiga 126 million 652 ming 256 so‘m kredit qarzini undirish va qarzdorga tegishli “Captiva” rusumli avtotransport vositasiga qaratish bo‘yicha hujjat kelib tushgan.
Ijro jarayonida qarzdor bir necha bor ogohlantirilganiga qaramasdan qarzni to‘lamagan. Shu sababli unga nisbatan qidiruv e’lon qilingan.
"Qidiruv tadbirlari davomida ushlangan “Captiva” egasi avtoulovsiz qolishni istamay, masalani tanishlari orqali hal qilishga urindi, ammo bu urinishlar samarasiz bo‘ldi. Natijada avtotransport vositasi vaqtincha saqlash uchun jarima maydonchasiga qo‘yildi.
Agar qarzdorlik belgilangan muddatda to‘lanmasa, avtotransport vositasi qonunda belgilangan tartibda baholanib, elektron onlayn-auksion savdolariga chiqariladi", deyiladi MIB viloyat boshqarmasi axborot xizmati xabarida.