Koronavirusga qarshi kurashga Samarqandda 15 mingdan ortiq tibbiyot xodimi jalb etilgan

Rustam Qobilov, viloyat hokimining o‘rinbosari:

- Yurtimizda koronavirus pandemiyasi boshlangan 15 martdan 21 iyulgacha viloyatimizda 31 300 nafar fuqaro kuzatuvga olindi va ularning 27 mingdan ortig‘i karantin davrini o‘tab uylariga kuzatildi.

Hozirda viloyatda 3262 nafar fuqaro karantinga olingan va ularning 2892 nafari o‘z uyida karantin muddatini o‘tamoqda, shuning 1500 nafarini ayollar tashkil etmoqda.

Koronavirus pandemiyasi bilan kurashga viloyatdan 14 ming 42 nafar tibbiyot xodimi jalb etilgan bo‘lsa, afsuski, virusni aniqlash uchun surtma olish jarayonida ularning 67 nafari kasallik yuqtirib olish holati kuzatildi. Joylardagi tibbiyot poliklinikalaridagi xodimlar tomonidan kuniga 9500 tagacha xonadon o‘rganilmoqda.

Hozirgacha virusga chalingan bemorlar viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasi, viloyat bolalar ko‘p tarmoqli shifoxonasida davolangan bo‘lsa, bugundan viloyat kardiologiya dispanseri, Samarqand tibbiyot institutining ikkinchi klinikasi ham bemorlarni qabul qilish uchun tayyor holga keltirildi. Tez kunlarda Samarqand shahridagi 1-turuqxona ham bemorlarni qabul qilishga shay holatga keltirilib, jami davolanish o‘rinlari soni 10 ming 500 taga yetkaziladi. Buning uchun mahalliy byudjetdan 3 milliard so‘m mablag‘ ajratildi.

Hozirda viloyatimizda virusga chalingan bemorlarga qo‘llash uchun 34 ta o‘pkani shamollatish apparati (IVL) mavjud va uning 28 tasidan foydalanilyapti. Shuningdek, Koreya davlatidan 2 ta zamonaviy raqamli rentgen apparati keltirilgan va yana 4 ta shunday rentgen apparati keltirish borasida kelishuvga erishilgan.

Dori-darmonlarga to‘xtaladigan bo‘lsak, hozir viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasining omborlarida 11 milliard so‘mlik eng kerakli dorilar zaxirasi yaratilgan va joriy yilning 1 avgustigacha yana qo‘shimcha 20 milliard so‘mlik zaruriy dori vositalari keltirish rejalashtirilgan.

Shuningdek, Samarqand shahridagi 4 ta xususiy klinikada ham bemorlarni davolash va uylariga borib test o‘tkazish tizimi yo‘lga qo‘yilmoqda.

Karantin davrida ehtiyojmand oilalarni qo‘llab-quvvatlash uchun 19 ming 747 kambag‘al oilaga “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasidan 11 turdagi oziq-ovqat mahsulotlari yetkazilmoqda.