«Koronavirusni yuqtirganlar qayta murojaat qilgani yo‘q», — Muhayyo Asilova

Sog‘liqni saqlash vazirligi axborot xizmati rahbari F. Sanayev Virusologiya ilmiy-tekshirish instituti klinikasining bosh shifokori, tibbiyot fanlari doktori Muhayyo Asilova bilan koronavirus infeksiyasi haqida suhbat uyushtirdi.

➖ O‘zim dastlabki uch oy shifoxonadan chiqmay ishladim. Shu davr mobaynida ko‘rsatgan yordamimizga qaramay ko‘z oldimizda vafot etgan bemor bo‘ldi. Koronavirusning xavfli ekaniga ishonmayotgan yurtdoshlarimga aytar so‘zim: virus mavjud va u o‘z o‘ljalarini taslim qilmoqda. Ayniqsa, hozirgi koronavirus shtampining og‘ir turi kelmoqda. Ko‘chada niqobsiz va masofa saqlamay yurganlar hayot uchun kurashayotgan bemorlar holatini o‘z ko‘zi bilan ko‘rsa, balki o‘shanda jiddiy qarardi. Ko‘pchilik “Qachon virus tugaydi?” , deb so‘rashadi. Agar kasallik zanjirini uzmasak, vaksina ishlab chiqilmaguncha shu hayotda yashaymiz.

❓ Koronavirusning qanday salbiy asoratlari bor?

➖ Uning eng katta xavfi o‘pka fibroziga, ya’ni chandig‘iga olib keladi. Havo yetib borish klapanlarini yopadi. Natijada, bemor keyinchalik nafas va yurak yetishmovchiligidan aziyat chekadi. O‘pka chandig‘i uzoq yillarda tiklanadi. Gohida bu bir umrlik nogironlikka ham olib kelishi mumkin.

❓Amaliyotingizda qayta kasallanganlar ham uchradimi?

➖ Yo‘q, uchramadi. Yuqumli kasalliklar davolanganidan so‘ng, organizmda himoya antitelalari ishga tushadi va xuddi shu virus organizmga tushganda bu kasallik sifatida kechmaydi. Shuni ham yoddan chiqarmaslik kerakki, har bir organizm alohida individual. Ayrim insonlarda himoya qilish hujayralari ishlab chiqilmasligi mumkin. Oradan besh oy vaqt o‘tdi, ammo “COVID-19”dan zararlangan bemorlar bizga qaytib murojaat qilgani yo‘q.

❓ Kasallikka chalinganlar asosan necha kunda shifoxonadan chiqmoqda?

➖ Yengil turini yuqtirganlar 7-8, o‘rta ahvoldagilar 10-12 kun, og‘ir turini boshidan o‘tkazayotganlar esa oylab davolanmoqda. Har bitta bemorga davo choralari ko‘rilganidan keyin koronavirusga test topshiradi. Qachon natija manfiy ko‘rsatsa, o‘shanda shifoxonadan chiqadi.