Korrupsiyaga qarshi ayovsiz kurash olib borilmoqda

Ushbu illatga qarshi kurashish maqsadida bugungi kunda korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha viloyat idoralararo komissiyasi bir qator chora-tadbirlarni amalga oshirib kelmoqda.

Xususan, komissiya tomonidan "Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida"gi O‘zbekiston Respublikasi qonunida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ayniqsa, mazkur qonunni aholi o‘rtasida targ‘ib qilish, uning mazmun-mohiyatini yetkazish bo‘yicha tizimli ishlar yo‘lga qo‘yildi. Shu maqsadda komissiya tomonidan joriy yilda joylarda 600 dan ziyod targ‘ibot tadbirlari o‘tkazildi.

Shuningdek, viloyat prokuraturasi tashabbusi bilan hududdagi davlat organlari xodimlari o‘rtasida Vazirlar Mahkamasining qarori bilan tasdiqlangan "Davlat boshqaruvi organlari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari xodimlarining odob-axloq namunaviy qoidalari" asosida ishlab chiqilgan odob-axloq qoidalari mazmun-mohiyatini tushuntirish yuzasidan muntazam ravishda seminar va davra suhbatlari tashkil etilmoqda.

Shunga qaramasdan korrupsion jinoyatlar sodir etilishi holatlari hamon kuzatilmoqda. Misol uchun, viloyat prokuraturasi tomonidan joriy yilning 9 oyi davomida 175 nafar mansabdor shaxsga nisbatan jami 132 ta jinoyat ishlari yuzasidan tergov harakatlari olib borilib, jinoyat ishlari tegishli sud ins­tansiyalariga jo‘natilgan.

Sudlarga yuborilgan mazkur jinoyat ishlari tahlil qilinganda, jinoiy javobgarlikka tortilgan jami 132 nafar shaxsdan 90 nafari o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-taroj qilish, 17 nafari firibgarlik, 3 nafari soliq va bosh­qa majburiy to‘lovlardan bo‘yin tovlash, 25 nafari hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish, 7 nafari mansab vakolati doirasidan chetga chiqish, 2 nafari mansabga sovuqqonlik bilan qarash, 1 nafari mansab soxtakorligi, 4 nafari pora olishda, 2 nafari pora berishda ayblangan.

Ularning 1 nafari tuman hokimi o‘rinbosari, 1 nafari prokuratura organi, 11 nafari majburiy ijro byurosi inspektorlari, 1 nafari hakamlik sudi sudyasi, 22 nafari ichki ishlar idoralari, 2 nafari davlat soliq inspeksiyasi, 1 nafari adliya organi, 1 nafari notarial idora, 1 nafari tuman tibbiyot birlashmasi, 7 nafari oliy va o‘rta maxsus ta’lim, 14 nafari xalq ta’limi, 8 nafari maktabgacha ta’lim, 1 nafari yer-mulk kadastr davlat korxonasi, 9 nafari bank xodimi va 43 nafari boshqa sohadagi mansabdor shaxslardir.

Misol uchun, "Zarafshon" irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi tarkibidagi "Mirza Pay" irrigatsiya tizimi boshqarmasi boshlig‘i F.Gadayev tuman va tumanlararo suv taqsimoti masalasini hal etish vakolatidan g‘araz va boshqa past niyatlarda foydalanib, Bulung‘ur tumani Paxtabosh qishlog‘ida joylashgan fermer xo‘jaliklariga tegishli yer maydonlariga qishloq xo‘jaligi ekinlarini sug‘orish uchun bir mavsum davomida "Bot-bot" kanalidan suv ochib berish evaziga tamagirlik yo‘li bilan pora tariqasida 4 million 500 ming so‘m pul talab qilgan.

2018 yil 19 iyulda F.Gadayev Samarqand shahrida ushbu mablag‘ni pora tariqasida olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan. Mazkur jinoyat ishi yuzasidan o‘tkazilgan tergov harakatlari yakuniga ko‘ra, aybdor shaxsning javobgarligi ta’minlangan.

 

Zafar HAMDAMOV,

viloyat prokuraturasi katta tergovchisi.