Korxona yoki tashkilot ishchisida koronavirus aniqlansa, ular korxona hisobidan davolanadimi yoki bu ko‘rsatma bekor qilinganmi?
Ushbu savol yuzasidan AOKAda bo‘lib o‘tgan brifingda Koronavirusga qarshi kurash shtabi a’zosi Barno Odilova atroflicha ma’lumot berdi:
— Korxona va tashkilotlarda ish beruvchining mehnat muhofazasi va texnika xavfsizligi qoidalariga rioya qilgan holda, ishni tashkillashtirmagani oqibatida ishchi ish vaqtida turli jarohat va kasb kasalliklari yuzaga kelsa, bunda uning davolanishi va reabilitatsiya jarayoni uchun ketgan mablag‘ ish beruvchi tomonidan qoplanishi mumkin.
Ushbu holat ekspertlar tomonidan tasdiqlangan bo‘lishi kerak. Murojaatdagi holatda bu tibbiyot xodimi bo‘lib, u ish faoliyati jarayonida kasallik yuqtirsa, unga yetkazilgan zararni qoplash yuzasidan respublika komissiyasining maxsus ko‘rsatmalari va tegishli me’yoriy hujjatlar mavjud.
Ammo siz kasallikni qayerda yuqtirganingiz noaniq bo‘lgani uchun ushbu holatda ish beruvchi mas’ul emas. Shuningdek, siz «O‘zekspomarkaz»da davlat hisobidan davolanganingizni ham unutmaslik kerak.