Kosonsoyda kuchli do‘l yog‘ishi oqibatida yuzaga kelgan sel odamlarni oqizib ketgani aytilmoqda

Namangan viloyati favqulodda vaziyatlar boshqarmasi axborot xizmatining xabar berishicha, bugun, 13 iyul kuni Kosonsoy tumanining Qirg‘iziston bilan chegaradosh hududida soat taxminan 13:30 larda qisqa muddatli kuchli yomg‘ir yog‘ishi oqibatida Kosonsoy soyiga sel kelgan.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarlarga ko‘ra, sel oqibatida bir necha odamlar oqib ketgan.

Hozirda FVB, IIB, hokimiyat vakillari hamda mahalliy fuqarolar bilan birga qidiruv qutqaruv ishlari amalga oshirilmoqda.

“Namangan suv ta’minot” axborot xizmati Kosonsoy tumanida soy suvining haddan tashqari loyqaligi sababli suv uzatish inshootidan aholiga ichimlik suvi yetkazib berish vaqtincha to‘xtatilganini ma’lum qilgan.