Kosonsoydagi sel oqibatida 8 nafar fuqaro vafot etgan, 6 nafar fuqaro tan jarohati olgan
Avvalroq Kosonsoyda kuchli sel kelgani haqida xabar bergan edik.
Favqulodda vaziyatlar vazirligi Kosonsoy tumanida sodir bo‘lgan vaziyat yuzasidan birlamchi ma’lumot berdi.
Ma’lum qilinishicha, Qirg‘iziston Respublikasi Jalolobod viloyati hududida kuchli yomg‘ir yog‘ishi natijasida sel oqimlari hosil bo‘lgan. Ushbu sel oqimlari soat 13:35 larda Namangan viloyati Kosonsoy tumani “Obod” mahallasi hududidan o‘tuvchi Kosonsoy soyidan oqib kelgan.
Voqea joyiga viloyat FVB, IIB boshliqlari, prokuratura organlari xodimlari chiqishgan hamda vaziyat nazoratga olingan.
Hodisa oqibatida 8 nafar fuqaro vafot etgan, 6 nafar fuqaro tan jarohati olgan.
Hududda Favqulodda vaziyatlar vazirligi qutqaruvchilari tomonidan qidiruv-qutqaruv ishlari amalga oshirilmoqda.
Holat bo‘yicha dastlabki tergovoldi tekshiruv ishlari olib borilmoqda.
Hodisa yuzasidan qo‘shimcha ma’lumotlar vakolatli organlar tomonidan taqdim etiladi.