Ko‘za har kuni sinmaydi

Xalqimiz orasida “Ko‘za kunida sinadi”, degan ibratli so‘z bor. Keling, bu hikmatli so‘zni to‘g‘ri talqin qilgan holda tahlil qilaylik.

Darhaqiqat, e’tiborsizlik qilib, qishning sovuq kunlarida suvli ko‘zani dalada qoldirsak suvning muzlashi tufayli ko‘za sinadi. Sovukda qolgan suvli qumg‘on yoki paqir ham yorilib qolganini ko‘rganmiz. Yoki sovutkichda turib qolgan gazli suv to‘ldirilgan shishalarning singanini bekalar ko‘p kuzatadi. Bu idishlar sinishiga sabab nima?

Vatandoshimiz, ulug‘ tabib Abu Ali Ibn Sino al-Beruniyning savoliga javob berib yozadi: “Hech yerda bo‘shliq-vakuum bo‘lishi mumkin emas, fazoning har bir bo‘lagi moddiy jismlar bilan to‘ldirilgan’’. Qishda suv bilan tashqarida qolgan ko‘zadagi suv muzlashi natijasida torayib (ya’ni, hajmi kichiklashib), muz bilan ko‘za devori orasida bo‘shliq (vakuum) hosil bo‘lish imkoni tug‘iladi, bu mumkin emas. Shuning uchun ko‘za idishi devori bu bo‘shliqni to‘ldirishga urinadi, natijada ko‘za sinadi.

Ibn Sinoning ilmiy qarashlarida O‘rta asr saboqlariga xos soddalik bor. Chunki al-ximiklarning tajribalariga asoslanib, bir qarashda sodda ko‘ringan, ammo aslida juda murakkab bo‘lgan suvning xossalarini tushuntirib bo‘lmas edi. Bu savolga javob topishga urinishlar Ibn Sinodan keyin yana qariyb ming yil davom etdi. 1946 yilda ukrainalik olim O.Samoylov yaratgan suv tuzilishining ikki strukturali modeli asosida suvning ko‘plab g‘ayritabiiy xossalari tushuntiriladigan bo‘ldi.

Muzning suv ustida suzib yurishini Ibn Sino quyidagicha tushuntiradi: suv muzlaganda uning orasida havo zarralari qoladi, bu esa muzning suv tagiga cho‘kishiga yo‘l qo‘ymaydi. Bu javobda ozmi-ko‘pmi haqiqat bor, suvda erigan havo suv bilan birgalikda muzlaydi.

Hozirgi zamon ilmi muzning suv ustida suzib yurishini ham, ichidagi suv muzlaganda ko‘zaning sinishini ham osongina tushuntiradi. Suv sovutila boshlansa  +4 iliq haroratgacha boshqa hamma moddalar kabi suv ham zichlashib, hajmi kichiklashib boradi, harorat yana pasaya boshlansa boshqa hamma moddalardan farqli ravishda suvning zichligi kamayib, hajmi oshadi. Harorat  0 darajadan pastga tushganda suv butunlay muzlab, zichligi maksimal kamayadi, hajmi maksimal ortadi. Natijada suvdan ko‘ra yengillashib qolgan muz suv ustida suzib yuradi, hajmi katta bo‘lib ketgan muz ko‘zaga sig‘may qoladi va ko‘za sinadi. Suv va muzning mana shu birgina g‘ayritabiiy xossasi (boshqa xossalarini ham hisobga olish kerak) yerda hayotni ta’minlab turibdi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Bir tasavvur qilib ko‘raylik. Ichidagi suv muzlab bitta-ikkita ko‘za sinsa hech gapmas, bozordan yangisini keltirib ishlataveramiz. Ammo muz suvdan og‘irlik qilib, daryo va ko‘llarning tagiga cho‘kib, dengiz va okeanlarning qa’riga ko‘milib ketaverganda nima bo‘lar edi? Hamma suv havzalari muzga to‘lib ketmasmidi? Dengiz va okeanlarda yashayotgan baliq va boshqa jonivorlar bilan oziqlanib yurgan inson bepoyon muz sahrosida qutb oq ayig‘i kabi ozuqa izlab sarson-sargardon bo‘lmasmidi? Balkim insonning o‘zi ham bo‘lmas edi.

Ming shukurlar bo‘lsinki, Alloh hali bizni yaratmay, yashashimiz uchun tabiatdagi barcha moddalardan farq qiladigan suvni yaratib qo‘ygan. Tabiatda yashab turgan barcha jonivorlar, jumladan, insonning o‘zi ham suvning hosilasidir.

Shuning uchun inson borligining, sog‘ligining, faoliyatining, hayotining asosi suvdir. Suv hayot manbaigina emas, yerda hayot paydo bo‘lishining asosi, hayotning o‘zi. Fransiyalik yozuvchi Antuan De Sent Ekzyuperini suvning nasriy madhiyasini yaratgan deyish mumkin:

“Suv-uv-v! Suv-uv-v, sening na ta’ming, na ranging, na hiding bor, seni ta’riflab bo‘lmaydi – sening nimaligingni bilmasdan turib sendan huzur topadilar. Oddiygina qilib sen hayot uchun zarursan deb bo‘lmaydi, sen o‘zing hayotsan. Sen dunyodagi eng ulkan boyliksan”.

Har birimiz bu ulkan boylikdan bahramand bo‘laylik, huzur topaylik. Uni toza saqlaylik, asrab-avaylaylik.

Boboqul Jo‘rayev,

fizika-matematika fanlari nomzodi, dotsent.