Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

“Ko‘zni qamashtiradigan madrasa”: Buyuk Britaniyada Registondagi Tillakori madrasasi haqida maqola chop etildi

Britaniyadagi «Dorling Kindersley» xalqaro nashriyoti sayyohlar uchun mo‘ljallangan “Yaxshisi bu yoqqa keling” sayyohlik qo‘llanmasini chop etdi.

Ushbu qo‘llanmada O‘zbekiston sayyohlik brendining Buyuk Britaniyadagi elchisi Sofi Ibbotsonning mashhur Registon maydonida joylashgan va YuNESKOning Butunjahon merosi ro‘yxatidan joy olgan Samarqandning uchta ramziy diniy va me’moriy yodgorliklaridan biri -  Tillakori madrasasi haqidagi maqolasi ham o‘rin olgan.

Muallif Tillakori madrasasini Vatikandagi Avliyo Pyotr soboriga muqobil bo‘lgan tarixiy yodgorlik sifatida ta’riflagan. Shu bilan birga, u "agar gap mutlaq hashamat haqida ketar ekan, ko‘zni qamashtiradigan bu madrasa sobordan ustunlikka egadir", deb yozadi.

Maqolada 17 asrning o‘rtalarida harbiy qo‘mondon Alchin Yalangtush Bahodir tomonidan bunyod etilgan Tillakori madrasasining tarixi va o‘ziga xosligi haqidagi batafsil ma’lumotlar o‘quvchilarning e’tiboriga havola qilingan. Ushbu betakror me’moriy obida nega bunday nomlanishi, u nega barcha sayohatchilar e’tiborini tortishi, uning noyob dizayni va boshqa barcha muhim tarixiy ma’lumotlar ushbu maqolada o‘z ifodasini topgan, deya xabar  deradi “Dunyo” axborot agentligi.