Kriptovalyuta savdosi bilan noqonuniy shug‘ullangan shaxslar faoliyati fosh etildi

Bosh prokuratura huzuridagi Departament va DXXning Toshkent shahri Mirzo Ulug‘bek tumani bo‘limlari tomonidan tezkor tadbir o‘tkazildi.

Unda fuqaro T.T. va boshqalar oldindan til biriktirib, noqonuniy daromad orttirish maqsadida litsenziya olinishi shart bo‘lgan faoliyat turi bilan maxsus ruxsatnoma olmasdan shug‘ullanib, boshqa shaxsga “1V” (bitkoyn) elektron pul birligini 10 463 AQSh dollaridan hisoblab, “20V” (bitkoyn) elektron pul birligini o‘zining 7 foizlik ustamasi bilan hisoblab, jami 224 000 AQSh dollariga sotgan vaqtida ushlangan. Tadbir yakunida T.T.dan elektron pul birliklari sotuvidan tushgan 402 071 AQSh dollari ashyoviy dalil sifatida olingan.

Bosh prokuratura matbuot xizmati xabariga ko‘ra, mazkur holat yuzasidan fuqaro T.T. va boshqalarga nisbatan Jinoyat kodeksining 177-moddasi 4-qismi va 190-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.