Kuchli ta’sir etuvchi dori vositalari savdosi litsenziyasi mavjud dorixonalar tomonidan amalga oshiriladi
2019 yil 1 dekabrdan boshlab kuchli ta’sir etuvchi moddalar ro‘yxatiga kiritilgan alohida dori vositalari buyum-miqdor jihatidan hisobga olinishi lozim va ularning berilishi faqat ijtimoiy dorixonalar, shuningdek, giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarni saqlash va realizatsiya qilish faoliyatiga litsenziyasi mavjud bo‘lgan dorixonalar tomonidan amalga oshirilishi belgilanadi.
2020 yil 1 yanvardan boshlab dori vositalari va tibbiy buyumlarning realizatsiya jarayonini uzluksiz ravishda videoga yozib olish va bir oy davomida videoyozuvlarni saqlash dori vositalari va tibbiy buyumlarni chakana realizatsiya qilishdagi litsenziya talabi hisoblanadi. Ushbu talabning bir yilda ikki va undan ortiq marta buzilishi litsenziyaning amal qilinishini tugatish uchun asos bo‘ladi.
Samarqandda dorixona egalari, xususiy klinikalar mutaxassislari, tibbiyot xodimlari ishtirokida «O‘zbekiston Respublikasida kuchli ta’sir qiluvchi moddalar muomalasini tartibga solish» mavzusida o‘tkazilgan yig‘ilishda shu kabi yangiliklar xususida ma’lumot berildi.
- «Dori vositalari noqonuniy aylanishining oldini olish choralarini kamaytirish to‘g‘risida»gi Prezident qarorida sohaga tegishli ko‘plab o‘zgarishlar mavjud, - deydi Respublika Narkotik moddalarni nazorat qilish qo‘mitasi vakili B.Qayumov. – Shu asosda Vazirlar Mahkamasining «O‘zbekiston Respublikasida kuchli ta’sir qiluvchi moddalar muomalasini tartibga solish to‘g‘risida» gi qarori e’lon qilinib, 78 turdagi kuchli ta’sir qiluvchi moddalar ro‘yxati hamda jinoiy harakatni tasniflashda ushbu moddalarning ko‘p miqdor ko‘rsatkichlari tasdiqlandi. Bu kabi yangiliklardan dorixona xodimlari o‘z vaqtida xabardor bo‘lishi faoliyatida muhim. Ushbu qarorlardan kelib chiqadigan qator talablar buzilgan hollarda javobgarlikka tortilish bilan birga litsenziyani to‘xtatib qo‘yishgacha bo‘lgan choralar belgilangan.
Yig‘ilishda ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.
G.MO‘MINOVA.