Kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarini Samarqanddan Toshkentga olib o‘tmoqchi bo‘lgan shaxslar ushlandi
Toshkent viloyati IIBB hamda Yangiyo‘l tumani IIB tezkor xodimlari tomonidan joriy yilning 15 oktyabr kuni tezkor tadbir o‘tkazildi. Bu haqda IIBB axborot xizmati xabar berdi.
Tadbir davomida Samarqand viloyatida yashovchi, 32 yoshli I.X.ga tegishli “Cobalt” avtomashina «Samarqand-Toshkent» yo‘nalishi bo‘ylab harakatlanib kelayotgan vaqtida M-39 avtomagistralining Yangiyo‘l tumani hududida tadbir ishtirokchilari tomonidan gumonlanib to‘xtatiladi. Avtotransport vositasining saloni ko‘zdan kechirilganda, paketlarga o‘ralgan, tarkibida kuchli ta’sir qiluvchi modda bo‘lgan, birlamchi narxi 382 million so‘mga teng 3 ming 820 dona «Selofen» dori vositalari borligi aniqlanib, ashyoviy dalil sifatida olingan.
Ushlangan shaxs bilan o‘tkazilgan tezkor surishtiruvlar davomida u ushbu kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarini tanishi — Samarqand viloyatida yashovchi, 27 yoshli M.X.dan sotib olganligi aniqlangan. Tadbir davomida M.X. ham qo‘lga olingan.
Mazkur holat yuzasidan I.X. hamda M.X.ga nisbatan Yangiyo‘l tumani IIB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi JKning 251-1-moddasi 3-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 27 sentyabrdagi 818-son qarori bilan bir qator kuchli ta’sir qiluvchi modda (dori)lar savdosi tartibga solingan.
Hozirda viloyat IIBB JQB giyohvandlik vositalari bilan qonunga xilof ravishda muomala qilishga qarshi kurashish bo‘limi xodimlari tomonidan bu kabi jinoyatlarning oldini olish bo‘yicha keng masshtabli tadbirlar viloyat miqyosida o‘tkazilmoqda.