Kulgi tufayli hushini yo‘qotuvchi qiz

Bu qizga na latifa aytib bo‘ladi, na uni xushchaqchaq davralarga taklif qilib bo‘ladi. Buyuk britaniyalik Key Andervud nafaqat kulganda, balki jahli chiqsa yoki kuchli hayratlansa ham darrov hushini yo‘qotadi.

Aytishlaricha, uning g‘aroyib xususiyatini bilgan tanishlari qizni kuldirishga harakat qilisharkan. So‘ngra uning hushidan ketishini ko‘rib, ko‘zlariga ishonmas ekanlar. Hatto bir kuni Key 40 marta o‘zini yo‘qotib qo‘yibdi.

Fantastik xotiraga ega ayol

Amerikalik Jill Prays kabi kuchli xotiraga ega bo‘lishni har bir maktab o‘quvchisi yoki talaba orzu qilsa bo‘ladi.

Gap shundaki, 42 yoshli ayol bolaligidan boshidan o‘tkazgan barcha voqea va hodisalarni juda yaxshi eslab qolgan. Jumladan, agar undan 20 yil ilgari xuddi shu bugun tushdan so‘ng kim bilan uchrashganini so‘rashsa, ikkilanmay besh daqiqa ilgari sodir bo‘lganidek barcha tafsilotlari bilan aytib beradi. Kaliforniya universiteti olimlari bu kasallikka gipertimestik sindrom, ya’ni grekcha «kuchli xotira» deya nom berishdi. Ammo Jill bu kabi xotiraga ega bo‘lgan yolg‘iz odam emas ekan. Jahonda bu xususiyatga ega yana besh kishi bor ekan. Tibbiyotchi olimlar ularni o‘zaro bog‘lab turgan ayrim jihatlarni aniqlashdi. «Yuqori xotira»ga ega insonlarning barchasi chapaqay bo‘lib, televizion ko‘rsatuvlarni kolleksiya qilishadi. Jill Prays esa hayotida sodir bo‘lgan yomon voqealarni unutolmay uzoq vaqt depressiya holatiga tushib qolgani borasida kitob yozishga kirishgan.

Dilmurod TO‘XTAYeV tayyorladi.