Kun tarixi: 21 mart - O‘zbekiston Qahramoni, xalq shoiri Abdulla Oripov tavallud topgan kun
Abdulla Oripov 1941 yil 21 martda Qashqadaryo viloyati, Koson tumani, Neko‘z qishlog‘ida tug‘ilgan. ToshDUning jurnalistika fakultetida tahsil olgan. «Mitti yulduz», «Ko‘zlarim yo‘lingda», «Onajon», «Ruhim», «O‘zbekiston», «Xotirot», «Yurtim shamoli», «Yuzma-yuz», «Hayrat», «Najot qal’asi», «Yillar armoni», «Haj daftari», «Munojot», «Saylanma», «Dunyo», «Shoir yuragi», 4 jildlik «Tanlangan asarlar» va boshqa she’riy kitoblari nashr etilgan. «Jannatga yo‘l», «Sohibqiron» dostonlarini yozgan.
Dantening «Ilohiy komediya»sini, A.Nekrasov, L.Ukrainka, T. Shevchenko, R.Hamzatov, Q.Quliyev asarlarini o‘zbek tiliga tarjima qilgan. O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi muallifi.
O‘zbek zamonaviy she’riyatining "Navoiy"si degan ta’rifga loyiq ko‘rilgan shoir ijodi nafaqat o‘zbek, balki qardosh xalqlar, dunyo kitobxonlari qalbidan munosib joy olgan.
Abdulla ORIPOV
Navro‘z
Avval yuragingga mo‘ralaydi u,
So‘ngra kurtaklarga o‘rgatadi so‘z.
Zaminning ko‘zidan qochadi uyqu,
Demak, Bahor keldi,
Kelmoqda Navro‘z.
Qishning ahvoliga boqib hoynahoy,
Yum-yum yosh to‘kmoqda eriyotgan muz.
Jilva qilayotir tengsiz bir chiroy,
Demak, Bahor keldi,
Kelmoqda Navro‘z.
Ona bag‘ri kabi iliqdir olam,
Harir hovur ichra yayrar dala-tuz.
Qoldi puchmoqlarda xazon yanglig‘ g‘am,
Demak, Bahor keldi,
Kelmoqda Navro‘z.
Yana ko‘ngillardan rutubat ketdi,
Yana shu’lalardan qamashmoqda ko‘z.
Yana dildorlikning fursati yetdi,
Demak, Bahor keldi,
Kelmoqda Navro‘z.