Kungaboqar «inqiroz»i: Ukrainadagi ziddiyat jahonda bu mahsulot ta’minotiga jiddiy zarba bermoqda
Dunyoda ishlab chiqariladigan kungaboqar moyining yarmidan ko‘pi Ukraina va Rossiyada yetishtiriladigan kungaboqarga bog‘liq.
Hozirgi mojaro ushbu xom ashyo yetkazib berishga jiddiy zarba berdi. O‘simlik moyi hozirda narxi sezilarli darajada oshgan turli xil taomlarni tayyorlashda zarur bo‘lgan eng muhim ingrediyentlardan biridir.
London restoranlaridan birining egasi Anisa Xon shunday deydi:
– Moy narxining oshishi bilan bizning xarajatlarimiz sezilarli darajada ko‘tarildi. Pazandachilikning asosi, birinchi navbatda, bu — moydir. Narxlar ko‘tarildi, agar avval 20 litr uchun 20 funt to‘lagan bo‘lsak, hozir taxminan 60 funt to‘lashimiz kerak, - deydi restoran egasi.
Defitsit boshqa barcha o‘simlik – soya, palma, rapsli moylar narxiga ham ta’sir ko‘rsatib, ular rekord darajaga yetdi.
- Bu Ukrainadagi urushdan ancha oldin boshlangan, - deb tushuntiradi Interactive Investor sarmoya bo‘limi rahbari Viktoriya Shkollar. - Pandemiyadan keyingi davrda talab ortdi, ta’minot zanjiri uzilib qoldi va ekstremal ob-havo vaziyatni yanada murakkablashtirdi. Hozir esa Ukrainadagi urush tufayli xom ashyo narxi yanada oshdi va bu dunyoning barcha mamlakatlarida seziladi.
Bu orada eksportga mo‘ljallangan millionlab tonna kungaboqar moyi Ukrainada «qotib qolgan» va mojaro tugamaguncha uni yetkazib bo‘lmaydi.
- Bizda keyingi bir necha haftaga yetadigan oz miqdordagi kungaboqar bor, - deydi oziq-ovqat importi boshlig‘i Gari Lyuis. - Muammo shundaki, ziddiyat qancha davom etishini bilmaymiz. Defitsit kelgusi yilda ham davom etishi mumkin, bu keyingi ikki oy ichidagi vaziyatga bog‘liq.
Kungaboqar moyi ishlab chiqaruvchilar ayni paytda boshqa mamlakatlar, xususan, Ruminiyada kungaboqar yetishtirishga umid bog‘lashmoqda. Yoz oxirigacha kungaboqar urug‘ini eksport qilish taqiqlangan Rossiyada, mahalliy OAV ma’lumotlariga ko‘ra, uning narxi biroz pasaygan.