Kunni, ishga borishni yaqiningizdagi bolalar bog‘chasiga kirib o‘tishdan boshlang

Hozir viloyatimizda 674 ta bolalar bog‘chasi bor. Kichkintoylarni bog‘chaga qamrab olish 52,6 foizni tashkil etyapti. Bundan uch yil oldin bu ko‘rsatkich 20 foizga ham bormasdi. Yil oxirigacha yangi qurilgan, ta’mirlangan va uylarda tashkil etilgan bog‘chalar ham ishga tushsa, qamrov darajasi 63,6 foizga yetadi.
Davlat sherikchiligi asosida faoliyat yuritayotgan bog‘chalar o‘zini oqlayapti. Pandemiya sharoitida ham 27 ta uy-bog‘chasi uchun bitim imzolandi. Umuman, yil davomida 2400 nafar xotin-qiz doimiy ish bilan ta’minlandi.
Bolalar bog‘chasi – xalqning ma’rifiy maskani. Farzandlarimiz shu yerda shaxs sifatida shakllanadi. Ular shu yerda o‘zaro munosabatni, fikr aytishni, odob-axloqni o‘rganadi.
Men mahalla faollari, tashkilotlar rahbarlari va mas’ul xodimlaridan ertalabki ishni, ishga borishni o‘z yaqinidagi bolalar bog‘chasiga kirib o‘tishdan boshlashini istardim. Tekshiruvchi emas, maslahatchi sifatida. Toki, farzandlar taqdiri va tarbiyasidan barchamiz xabardor bo‘laylik.
Shuhrat Rahmonov,
Samarqand viloyati maktabgacha ta’lim boshqarmasi boshlig‘i.