Kupedagi ajina

(Mistika)

Bundan taxminan 10 yillar oldin ilmiy safarga yo‘l oldim. Men chiqqan Samarqand-Moskva yo‘nalishli poyezddagi 13-vagonda odam juda kam edi. Kupeda bir qari choldan boshqa sherik bo‘lmagani sababli vagon kuzatuvchisi Rafiq aka degan kishi bilan yaxshigina o‘rtoq bo‘lib oldim.

Ikkalamiz kuzatuvchilar xonasida tun yarmigacha u yoq-bu yoqdan suhbat qurib o‘tirdik. Soat ikkidan o‘tganda xona eshigi ochilib, ostonada kiyimlari ancha kir, oq sochlari to‘zg‘ib ketgan, ro‘dapo ko‘rinishli bir kampir paydo bo‘ldi.

- Menga bir damlab olishga loyiq quruq choy beringlar, - sinayotgan shox tovushiga monand ovozda so‘radi u.

Rafiq aka o‘rnidan turib tokchadagi chinnidan yarim qism quruq choy olib, kampirga uzatdi. Kampir "rahmat”ni ham nasiya qilib, kupedan chiqib ketdi. Biz bunga jiddiy e’tibor bermasdan suhbatni davom ettirdik. Vagondagi suv qaynatuvchi “titan” o‘chirilgani sababli choy o‘rniga limonad ichib, ermak qilib o‘tirardik. Rafiq aka ichimlik shishasini olib ikkita stakanga limonad quya turib birdan to‘xtab qoldi.

- Sherzodboy aka, boyagi kelgan kampirning xayoli joyida emas shekilli, qarang, e’tibor qilmabmiz, vagonda qaynoq suv yo‘q-ku! “Titan” o‘chirib qo‘yilganiga uch soatdan oshdi. Axir, shuning uchun ham limonad ichib o‘tiribmizku! - norozi ohangda g‘udraңdi Rafiq aka.

- Menga quruq choy beringlar! – Rafiq akaning gapi tugar-tugamas shu murojaat bilan xonaga boyagi kampir kirib keldi.

- Xola! E yo‘q, be yo‘q eshikni taqillatmay kupega kirib keldingiz, indamadim, hozir yana shu tarzda xonaga kirdingiz, bundan uch daqiqa oldin quruq choy olgan edingiz, hozir uyalmay yana choy so‘rab turibsiz. Bir kishiga bir vaqtda ikki marta choy berilmaydi. Qolaversa, vagonda qaynoq suv yo‘q, axir “titan” o‘chirib qo‘yilgan-ku! Bu ham yetmagandek vaqt allamahal bo‘lib qolgan. Xullas, xonangizga borib dam oling, sizga hozir hech kim quruq choy bermaydi bu xonadan! – tutoqib tushuntirdi Rafiq aka.

Kampir bunday muomaladan shunchalik norozi bo‘ldiki, natijada shusiz ham tirishgan peshonasi yanada bujmayib, g‘ijimlangan garmonga o‘xshab qoldi. Lablari tortilib, tepa sochi ko‘tarilganday, ko‘zlari olayib, sovuq o‘t chaqnaganday bo‘ldi. O‘zi esa itga hamla qilmoqchi bo‘lgan mushuk holatiga tushdi. Kampirning bunday vajohatini ko‘rib, Rafiq aka ikkalamiz “qotib” qoldik.

- Rafiq, suv qo‘yib, qaynat, men kelaman, - kampir pichirlagan ovoz bilan gapirib xonadan tovushsiz chiqib ketdi.

Rafiq aka o‘rnidan tura solib xona eshigini ochdi, biroq eshik orqasida biror jonzot yo‘q edi. Ikkalamiz biroz karaxt ahvolda jimib qoldik. Jimlikni Rafiq aka buzdi.

- Sherzodvoy, ustimdan kulmang-u, bu kampir ajinaga o‘xshaydi, - shivirlab gapirdi Rafiq aka.

-Qo‘ysangiz-chi, Rafiq aka, kampir shunchaki choyga xumor bo‘lib qolibdi, xolos. Yarim kecha chanqab uyg‘onib ketganligi sababli sizning oldingizga kelib choy so‘radi, buning hech g‘ayritabiiy joyi yo‘q. Qolaversa, allaqanday ajina-pajina hayotda bo‘lmaydi, sizning bunday cho‘pchaklarga ishonishingizning o‘zi g‘alati, - o‘zimni ham shu gapga ishontirish uchun dadil gapirmoqqa harakat qildim.

- Yaxshi, - Rafiq aka o‘ng‘aysiz holatdan chiqish va fikrini asoslash uchun gapini davom ettirdi, - agar xohlasangiz men sizga o‘zimni boshimdan o‘tgan bir voqeani gapirib beraman.

-Mayli gapiring, - dedim men.

Rafiq aka limonaddan bir ho‘pladi-yu, hikoyasini boshladi.

- Yangi, 1966 yil kirib kelayotgan kecha edi. Soat kechki o‘nlar atrofida dadam, ayam va men bayram bilan tabriklash uchun qo‘shninikiga chikdik. Kattalar dasturxon atrofida, biz bolalar esa bayram kayfiyatida o‘yin bilan ovora edik. Birozdan keyin kattalarning ichimligi tugab qolgani sababli dadam menga ichimlik keltirishni buyurib, uyga yubordi. Qo‘shni bilan bizning hovlimiz orasida devor bo‘lmaganligi sababli, u uydan bu uyga o‘tib-qaytish shunchaki odatiy holat edi. 

Men hovlimiz tomon yura boshladim. Ikki hovli chegarasiga yetganimda mendan taxminan 20 metrlar narida qandaydir sharpaning harakatlarini sezdim. Diqqat qilib “sharpa"ga qarasam, ayam tog‘orada kir yuvayotgan ekan. Ayamning yangi yil kechasi, sovuq qish tunida, yana tashqarida kir yuvishi meni nihoyatda ajablantirdi. Shu payt ayam ikki qo‘llarini oldinga, men tomonga uzatib, “Rafiq, Rafiq, kel quchog‘imga”, deb ismimni aytib meni o‘zi tomon chorlay boshladi. Beixtiyor "sharpa" tomon yurdim, oramizda chamasi uch metr masofa qolganida men bu “sharpa"ning ko‘zlarini ko‘rdim. Ular nihoyatda kattarib, sovuq nur taratardi, og‘zining ikki chekkasida esa so‘yloq tishi ko‘rinib turardi. Shu payt ayamning uyda dasturxon atrofida o‘tirgani yodimga tushdi. Badanimni muzdek ter qoplab, oyoq-qo‘limda majol qolmadi. Ayam qiyofasidagi sharpa ajina ekanligini tushunib yetdim. Oyog‘im garchi yerga zambilday botib ketgandek tuyulsa-da, bor kuchimni yig‘ib, "dod” solib, jon holatda uyga yugurib ketdim. Eshikka yetib borib orqamga qarasam, ajina ko‘rqinchli, g‘ayritabiiy tarzda tirjayib, men tomon kelardi. Mening dahshatli qichqirig‘imdan ayam va dadamning uzoqdan yugurib kelayotganlarini ko‘rib o‘zimni yo‘qotdim. Ayam yuzimga muzdek suv sepganidan keyin o‘zimga kelib, ota-onamga bo‘lib o‘tgan voqeani gapirib berdim. O‘sha tundan boshlab ayamning qiyofasidagi ajina meni ta’qib qila boshladi. Uyda yolg‘iz qolganimda ajina eshikdan kirib kelardi va har doimgiday ismimni aytib o‘ziga imlab chorlardi.

-Kimsan? Mendan nima istaysan? - qichqirardim unga.

- Ayangman, Rafiqjon, kel bag‘rimga, - deb o‘ziga imlashini davom ettirardi u.

- Bor yo‘qol! Sen ayam emassan! - deb, uni xonadan quvib, tashqariga chiqarib yuborardim.

Tashqarida esa yanada g‘alati voqealar ro‘y berardi. Ajina tashqarida ham meni chorlashda davom etardi. Atrofda esa kuchukvachchalarga o‘xshash allaqanday jirkanch maxluqlar uymalashardi. Ular meni ko‘rishlari bilan tishlab olish uchun men tomonga yugurib kelishardi. Bir kuni shu maxluqlardan birini tutib oldim-da, shartta so‘yib tashladim. Bu maxluq uch kun tushimga kirib, kesilgan boshini yonboshida qo‘ltiqlagancha “nega rahming kelmay, meni so‘yding”, deb holi-jonimga qo‘ymasdi. To‘rtinchi kundan boshlab esa ajinalar meni umuman tinch qo‘yishdi...

Rafiq akaning hikoyasini eshitib, ishonqiramay turdim-da, so‘ng vaqt allamahal bo‘lgani sababli kupega borishga taraddudlana boshladim, oyog‘imga endigina shippagimni ilgan edimki, kupega yana boyagi kampir kirib keldi.

- Choy tayyormi? - so‘radi u.

- Yo‘q, bizni tinch qo‘yasizmi, yo‘qmi? - baqirib berdi Rafiq aka.

Shunda kampirning ko‘zlari olayib, og‘zining ikki chetidan so‘yloq tishlari ko‘rindi. U Rafiq aka tasvirlagan ajina qiyofasiga kirdi-da, qo‘llarini Rafiq aka tomon cho‘zib, uni o‘zi tomon chorlay boshladi:

- Rafiq, nega onangning aytganini qilmaysan? Rafiq, men onangman, keyeyel qo‘y-nim-gaaa!..

Erkin MUSURMONOV.