Kutib oling, deputat kelyapti! Bundan jamoatchilikka, jamiyatga naf bormi?

Ma’lum qilinishicha, 18-20 aprel kunlari Oliy Majlis quyi palatasi deputatlari o‘z saylov okruglarida bo‘lib, aholi bilan uchrashuvlar o‘tkazadi.

Parlamentdagi xalq vakillari bu gal saylovchilar huzurida aniq maqsad va vazifalar bilan tashrif buyuradi. Xususan, Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilingan qonunlar, jumladan, yer uchastkalariga bo‘lgan mulk va ijara huquqini e’tirof etishga qaratilgan qonunning mazmun-mohiyati va ahamiyati keng jamoatchilikka, tadbirkorlik sub’yektlariga tushuntiriladi.

Xabaringiz bo‘lsa, o‘zboshimchalik bilan egallangan yer uchastkalari hamda ularda qurilgan bino va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etishga qaratilgan qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda deputatlar tomonidan qabul qilindi.

Nima bo‘libdi, deyishga shoshilmang. Chunki o‘rganishlar davomida huquqiy hujjatlari yo‘q yoki to‘liq bo‘lmagan, yer uchastkasidan uzoq yillar davomida foydalanib kelayotgan yoki yerga bo‘lgan huquqlarni rasmiylashtirish masalasi turli sabablarga ko‘ra oxiriga yetkazilmagan 3,8 milliondan ortiq 493 ming gektar yer uchastkalari mavjudligi aniqlangan.

Amaldagi qonunchilikda ushbu muammoli yer uchastkalariga nisbatan huquqlarni e’tirof etishning huquqiy asosi va tartibi yo‘q edi.

Hafta avval Senatga yuborishga kelishilgan qonun loyihasida bu masalaga qanday yechim ko‘zda tutilmoqda? Qonun ijodkorlaridan shu kabi o‘zimizni qiziqtirgan savollarga javob olishga imkon bo‘ladi.

“Yashil makon”lar o‘rganiladi

Xabarda yana bir muhim jihat bor. Unga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti raisligida “Yashil makon” loyihasi doirasidagi ishlar hamda chiqindilarni boshqarishni takomillashtirish masalalariga bag‘ishlab o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida belgilab berilgan vazifalar ijrosini ta’minlash bo‘yicha hududlarda amalga oshirilayotgan ishlar holati o‘rganiladi.

Ma’lumot uchun: bu yig‘ilish 29 mart kuni o‘tkazilgandi. Unda hududlarda bog‘lar yaratish, yo‘l bo‘ylarida 10 qatordan daraxtlar ekish Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Qashqadaryo va Namangan viloyatlaridan tashqari aksar hududlarda daraxt ekadigan joylar haligacha belgilanmagani, sug‘orish va ko‘chatga pul ajratilmagani bildirilgan.

Demak, qonun ijodkorlari vaziyat endi qay tomonga o‘zgargani bilan qiziqadi.

Qayd qilingan yig‘ilishda galdagi vazifalar, yangi tashabbuslar muhokama qilingan. Xususan, ko‘p qavatli uyda yashaydigan odamlarda daraxt ekib, yashillik yaratish uchun yer yo‘q. Janubiy Koreya tajribasi asosida tumanlar hududidan yer ajratilib, 30 yil muddatga obodonlashtirish boshqarmalariga berilishi belgilangan. Mahalliy byudjet hisobidan tomchilatib sug‘orish tizimi joriy qilinib, yer tayyor holga keltirilib, ko‘chat ekish istagi bor aholiga taklif etilishi kerak edi.

Parlamentdagi vakillarimiz bu vazifa qay tariqa ijro etilayotganini ham o‘rganishadi. Umuman, hududlarda obodonlashtirish, tozalikni ta’minlash bo‘yicha mutlaqo yangi tizim qay tariqa yo‘lga qo‘yilayotganini o‘zlari kelib ko‘rishadi.

Mahalliy ijro organlariga shunday deyishga asos bor: kutib oling, deputat kelyapti. Zotan, yuqoridagi masaladan tashqari mahallalar va aholi xonadonlarida Sayxunobod tumani tajribasi doirasida olib borilayotgan keng qamrovli ishlar holati o‘rganishlar markazida bo‘ladi.