Kuy avjida uzilmasin tor...
KUY AVJIDA UZILMASIN TOR...
Benazir iste’dod, jo‘shqin qalb, Vatan va millat oshig‘i, adabiyot va san’at shaydosi, ijodkor, vafoli do‘st, mehribon ota...
Atigi 33 yil yashagan, ammo Samarqand va O‘zbekiston adab ilmida o‘chmas iz qoldirgan Ilhom Hasanovning ta’rifu tavsifiga yuqoridagi so‘zlar tizmasi ozlik qiladi. Uning chegara bilmagan xayoloti, osmon qadar kengish orzulari, katta g‘ayrat-shijoat bilan boshlagan ishlari, afsuski, aynan shoirning mashhur she’ridagi satrda aytilganiday beshafqat o‘lim tufayli “kuy avjida uzilgan tor” kabi yarim qoldi...
Taqdir kaminani Ilhom Hasanov bilan 1980 yilda SamDU ostonasiga talaba sifatida qadam qo‘yganimda uchrashtirdi. Kelajakda juda qalin do‘st-birodar bo‘ladigan kishilarning dastlabki uchrashuvlari sovuqroq kechadi, degan gap bor-ku. Xuddi ana shunday boshlangan bizning aka-ukaligimiz, beg‘araz do‘stligimiz. O‘jarroq 1-kurs talabasi bilan domlasining amaliy darslariga kiradigan aspirant o‘rtasidagi gap talashish va munoqashalardan keyin, ikkimiz ham angladikki, standart tarzda fikrlamaydigan va o‘sha yillarning mashhur sterotip (yolg‘on)lariga ishonmaydigan tiplar sifatida bizlar aslida hamfikr ekanmiz. Keyinchalik hamfikr, hammaslak sifatida juda yaqin bo‘lib ketdik, do‘st bo‘ldik, aka-uka bo‘ldik.
Ilhom Hasanov zuvalasi shu elning tili va adabiyoti bilan qorilgan va shu sababdan tilga, adabiyotga, san’atga, so‘zga ehtiromi katta bo‘lgan bir olim, ijodkor sifatida yashadi. 1986 yilda nomzodlik dissertatsiyasini himoya qilganida butun fakultet quvongan edi. Respublika va viloyatdagi barcha adabiy davralarning guli edi u. Toshkentdan kelgan shoir va yozuvchilar dastlab uning va ustozi professor Nuriddin Shukurovning “qo‘liga tushardi”. O‘nlab tirik klassik bo‘lgan shoir va yozuvchilar bilan I.Hasanovning soyasida tanishganmiz. Uning do‘stlari juda ko‘p edi, yozuvchi va shoirlar, tanqidchi va teatrshunoslar, san’atkor va aktyorlar, talabalaru bino qorovullari – bu toifaning barchasi orasida uning yuzlab do‘stlari bor edi. Barcha uni hurmat qilar, ich-ichdan sevardi.
Ilhom Hasanov o‘z elining ashaddiy vatanparvari, o‘z tilining tolmas himoyachisi edi. Bir voqea hech esimdan chiqmaydi: 1987 yil oxirida, qayta qurish (“perestroyka”), oshkoralik (“glasnost”) siyosati avjiga chiqqan pallada Ilhom Hasanov universitet yoshlarining yetakchisi etib saylandi. “Joni chiqay” deb turgan bu tashkilot uning katta tashkilotchilik iqtidori, odamlar bilan muloqot qila olish va ishlay olish qobiliyati, notiqligi, insoniyligi soyasida qaytadan tirildi, SamDU yoshlar tashkiloti mamlakatning eng ilg‘or “komsomoli”ga aylandi.
1988 yili kuzda o‘zbek tilini davlat tili qilish uchun jamoatchilik o‘rtasida harakatlar boshlangan edi. Fakultet foyesida, Navoiy byusti yonida har kun oyoq ustida soatlab shu masalani muhokama qilish yakunida qaror qildikki, Samarqandda ham bir “Til bayrami” niqobi ostida o‘zbek tilini davlat tiliga aylantirish uchun mitingcha o‘tkazib, xalq va yoshlarning fikrini “yuqoriga” bildirib qo‘yamiz (O‘sha til uchun kurashning dastlabki sahifasi bo‘lgan mitingchaning ishtirokchilari va uni eslaydiganlar bor). 1989 yil 7 fevral kuni sport zalida 400-500 kishilik ruxsat etilmagan mitingni o‘tkazdik. Ilhom Hasanov majlisni olib boruvchi edi, hayajondan ovozi titragani, bo‘g‘ilgani esimda, ammo “Til bayrami” katta muvaffaqiyat bilan o‘tdi, yakunda mamlakat rahbarlariga o‘zbek tiliga davlat tili maqomini berish bo‘yicha murojaat qabul qilindi. Bu murojaat matnini ham Ilhom aka bilan yotoqxonada konspirativ bir shaklda tayyorlagan edik.
1990 yilda “Yoshlik” jurnalida “O‘zbekiston mustaqil bo‘la oladimi?” ruknida berilgan va bomba effektini yaratgan ilk intervyularning tashkilotchisi ham I.Hasanov edi. O‘sha vaqtdagi jurnal redaktori unga “Ilhom, Siz samarqandliklar bu mavzuni boshlab beringlar, keyin boshqa viloyat va shaharlardan ham fikrlar olamiz”, degan ekan. I.Hasanov, N.Ernazarov, kamina va yana ismini unutganim 2 kishining yarim sahifadan fikrlari berilgan edi o‘sha intervyuda. Ilhom Hasanovning fikrlarida komil ishonch bilan “O‘zbekiston mustaqil bo‘la oladi!” deb yozgan edi va bu mustaqillik boshqa qardosh Turkiston xalqlarining mustaqilligi, do‘stligi va hamkorligi bilan yanada go‘zallashadi”, degan fikrni ham bayon qilgan edi. Oradan 1 yil o‘tmay, 1991 yilda yurtimiz mustaqillikka erishdi, qariyb o‘ttiz yildan keyin esa u orzu qilgan mintaqa xalqlarining do‘stligi va birdamligi abadiyan barpo etildi. Ammo bu kunlarni – ona yurt ozodligini va Turkiston xalqlari o‘rtasidagi do‘stlik va qardoshlik tantanasini ko‘rish, vo darig‘o, unga nasib qilmadi...
Ammo olim va ijodkorning ortida uning orzularini yashatgan farzandlari, aka-ukalari, do‘stu-birodarlari va shu ozod Vatan, bugun o‘zining qonuniy maqomiga erishgan ona tili, uning xotirasini hech qachon unutmaydigan elu yurti qoldi... Yagona tasallimiz – shu.
Jo‘liboy Eltazarov,
filologiya fanlari doktori, professor.