Kuyovga to‘shalgan poyandoz talashib-tortishadigan matomi?

“Zarafshon” gazetasida “To‘ylar har qanday amalni tiqishtiradigan “qadriyat”mi?” turkumidagi maqolalarni o‘qib, men ham dilimdagilarni qog‘ozga tushirdim.

Yaqinda bir dugonamning to‘yi bo‘ldi. Hamma qizlar yig‘ilib, uni qutlagani bordik. Bir mahal kuyov yigirma chog‘li kuyovnavkarlar bilan keldi. Qiz tomon ularni ko‘ngildagidek kutib oldi. Kuyov uyga kirishidan oldin oyoqlari ostiga kelinning yangasi bir enli mato-poyandoz yozdi. Kuyovbola ostona hatlab, uyga kirishi bilan kuyovjo‘ralar poyandozni tortqilashga tushdi. Kelin tomondan ham o‘n nafar yigitlar kuyovnavkarlardan qolishmasdi. Poyandoz qurg‘ur ham gilamga o‘xshash qattiq matodan qilingan shekilli, tortib ham yirtib bo‘lmaydi. Hech qaysi tomon yon bermaydi. Hatto ba’zilari yoqalashib, urushib ham ketdi.

Momolarimizdan eshitganimiz, kuyovning qadami qutlug‘ bo‘lsin, deb poyandoz yozishar, ularni kuyovnavkarlar yaxshi niyatlar bilan bo‘lib olishgan ekan.

Yaxshigina urf-odatimiz buzilib ketyapti. Kuyovning oyog‘i ostiga tashlangan poyandozni talashib-tortishib olish mumkindir, lekin, bu katta janjalga aylanishi kerak emas-ku?

Marjona HOTAMOVA,

talaba.