Kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik qog‘ozlardami yo haqiqat: oydinlik fursati yaqin

Aslida mavsumga tayyorgarlik o‘z-o‘zidan bo‘lmaydi. Masala yuzasidan Vazirlar Mahkamasining joriy yil 6 iyuldagi qarori bilan kuz-qish mavsumini betalafot o‘tkazish, iste’molchilarga yoqilg‘i resurslarini yetkazib berish hamda energiya resurslarini iqtisod qilish bo‘yicha aniq vazifalar belgilab berilgan.

Xo‘sh, bu vazifalar qay darajada bajarildi?

Ma’lum qilinishicha, aholidan kelib tushadigan murojaatlarni tezkor hal etish maqsadida viloyat hokimining tegishli farmoyishiga asosan kommunal, ijtimoiy soha va boshqa tegishli tashkilotlar vakillaridan iborat kun-u tun ishlaydigan viloyat, shahar va tuman shtablari tashkil etilgan. Yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan avariyaviy holatlarni tezkor bartaraf etish maqsadida kommunal soha tashkilotlarida zaruriy asbob-uskunalar zaxirasi yaratilib, avariya brigadalari shay holatga keltirilgan.

Elektrda muammo bo‘lmaydi(mi?)

Ochiq ma’lumotlarda sohalar kesimida mavsumga har tomonlama tayyorgarlik ko‘rilgani qayd etilgan. Misol uchun, joriy yil kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik doirasida viloyatda rejadagi 3004 o‘rniga 3052 kilometr elektr uzatish tarmoqlari, 1243 dona transformator punkti mukammal ta’mirlangan. 

Bundan tashqari, oktyabr-dekabr oylari uchun qo‘shimcha chora-tadbirlar rejasiga asosan, 2 ta 63 000 kValik, 8 ta 40 000 kValik va 2 ta 16 000 kValik katta quvvatli kuch transformatorlari o‘rnatilib, ishga tushirilgan hamda 166 ta har xil quvvatli transformatorlar, 12 696 ta temir-beton ustunlar, 684,7 kilometr havo tarmoqlari yangidan qurilgan.

Mavsumni betalafot o‘tkazish va avariyalarni tezkor bartaraf qilish uchun turli quvvatdagi 56 dona transformator, 18 tonna sim va 60,2 kilometr kabel, 2000 dona ustun, 60 tonna transformator moyi va boshqa zarur vositalar zaxirasi yaratilgan.

Tabiiy gaz bo‘yicha ham shu gap

Rost, mavjud ma’lumotlar va berilayotgan hisobotlar shu qadar jozibaliki, joriy yilgi mavsumda hech qanday g‘alva bo‘lmasligiga beixtiyor ishonib ketasiz. Zotan, ko‘p qavatli uy-joylarning 34 ming kvadrat metr tom qismi, 60 tasining fasadi, 95 ta yerto‘lasi va 3300 ta elektr shitlari, shuningdek, 106 ta ijtimoiy soha ob’yektlari ta’mirlangan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 44 ta gaz taqsimlash qurilmasi, 12 kilometr gaz tarmoqlari mukammal (joriy ta’mirlarni mayli, hisobga olmang) ta’mirlangan.

Zaxira ham chakkimas: 712 metr quvur, 270 kilogram karbid, 3400 dona gaz ballon.

Albatta, har ikki sohadagi ishlarni yaxshi yoki yomon deyish fikridan yiroqmiz. Aksar hollardagi singari xulosani o‘quvchilarga qoldirish niyatimiz ham yo‘q. Negaki, o‘tayotgan har bir kun tobora harorat tushib borayotganini ko‘rsatib turibdi. Demak, hisobotlarga, mutasaddilarning mas’uliyatiga baho uzoq emas, yaqin kunlarda aniq bo‘ladi.

Muddaomiz esa shu - o‘sha vaqtda hech kim yer chizib qolmasin!?

Ko‘mir ko‘p...

Yaqinda imtiyozli narxlarda tarqatilishi lozim bo‘lgan ko‘mirni sotayotgan ombor mudiri va qorovuli ushlandi. Unda ombor mudiri J.P. soxta hujjatlarni rasmiylashtirib, ehtiyojmand oilalarga imtiyozli narxlarda tarqatilishi lozim bo‘lgan 50 tonna ko‘mirni A.A.ga 37,5 million so‘mga sotishga kelishib, shundan 13,2 tonna ko‘mirni ombor qorovuli X.J. yordamida yetkazib berib, kelishilgan pullar hisobidan 28 million so‘mni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, viloyatdagi 8 ta ko‘mir ombori va 4 ta shoxobchasida yetarlicha zaxira yaratilgan. Shu kungacha aholiga  82 ming tonna yoki rejaning 50 foizidan ko‘proq ko‘mir yetkazib berilgan. Bu hol balki yuqoridagi kabi qing‘irliklar oqibatidir, degan fikr uyg‘otadi. Qolaversa, byudjet tashkilotlariga 64 ming tonna, aniqrog‘i, 100 foiz ko‘mir yetkazib berilganiga shubha tug‘diradi.

Resurslar iqtisod qilinadi

Yana bir muhim masala - energiya resurslarini iqtisod qilish bo‘yicha ham amaliy chora-tadbirlar amalga oshirilib kelinmoqda.

Jumladan, mavsum boshidan beri 650 million kVt soat elektr energiyasi hamda 156 million kub metr tabiiy gaz iqtisod qilingan.

Iqtisod qilingan elektr energiyasining 84 million kVt soati quyosh panellari o‘rnatish hisobiga to‘g‘ri kelgan.

Jumladan, aholi xonadonlarida 22 million, ijtimoiy soha ob’yektlari va davlat idoralarida 17 million, tadbirkorlik sub’yektlarida 45 million va yangi qurilgan ko‘p qavatli uy-joylarning tom qismida 500 ming kVt soat quvvatga ega quyosh panellari o‘rnatilgan.

Issiqlik ta’minoti...

Oktyabr-dekabr oylari uchun qo‘shimcha chora-tadbirlar rejasi asosida davriyligi 70 kundan oshgan 16078 ta iste’molchiga suyultirilgan gaz mahsuloti yetkazib berilgan.

Ha, aslida bu oddiy hol - 16 mingdan ortiq iste’molchi 70 kun gaz ballonini almashtirolmagan. Lekin qaysi mutasaddi, qachon bu rost ekanligini tan olgan. Yo‘q, hamma gap shunda - muammo aniq, lekin u esga olinmaydi. U haqda gapirilmaydi.

Ko‘p qavatli uylarni issiqlik bilan ta’minlash bo‘yicha... qo‘ying, yaxshisi bu haqda yozmaylik. Shusiz ham hammasi ayon-ku!

Yoqubjon MARQAYeV.