"Kuzgi tushkunlik": Undan qanday xalos bo‘lish mumkin?

Kunlar sovushi bilan ko‘pchilik odamlar o‘zlaridagi ruhiy tushkunlik, ishdagi samaradorlikning keskin pasayishi, tez toliqish va lanjlikdan shikoyat qilishadi. Kishida alohida sabablarsiz mana shunday ruhiy ahvolning kuzatilishiga mavsumiy tushkunlik sabab bo‘lishi mumkin. Kuzgi tushkunlik nima? Uni qanday bartaraf etish mumkin?

Bunda inson kayfiyatning hech qanday sababsiz o‘zgarib turishi, tez asabiylashish, tajovuzkorlik yoki shunga teskari bo‘lgan holat, o‘ta befarqlikni boshdan kechiradi. Bu holatni o‘z vaqtida yengil bartaraf etish uchun inson kundalik turmush tarzi, ruhiyati va tanasidagi har qanday o‘zgarishlarga e’tiborli bo‘lishi zarur.

"Kuzgi tushkunlik" kasallik hisoblanmaydi va umuman olganda, xavfli emas. Shunday bo‘lsa ham u faol harakat qilish va odatdagi hayot tarzimizni kechirishga xalal beruvchi bu kayfiyat yomonlashuvini tezgina bartaraf etgan ma’qul.

Mavsumiy melanxoliya asosan tashqi sabablarga ko‘ra yuzaga keladi. Kuzda kunlar qisqargani sababli tanada muhim gormonlar - serotonin va melatonin ishlab chiqarish susayadi. Ratsionda yozda mo‘l-ko‘l bo‘lgan yangi rezavorlar, sabzavotlar va mevalar miqdori kamayadi. Bular esa ruhiyatga ta’sir etmay qo‘ymaydi.

O‘zingizga yordamga shoshing!

Mutaxasislar kuz mavsumida organizm immun tizimi faoliyati samaradorligini saqlash uchun sut mahsulotlari, mevalar va turli damlamalar iste’molini tavsiya etishadi. Shuningdek, bo‘yin qismida uqalash kursi juda foydali ekan. U qon aylanishi va miya oziqlanishini yaxshilaydi, mushaklardagi zo‘riqish va boshqa noxush alomatlarni yengillashtiradi hamda uyqu buzilishi, bosh og‘rig‘ini bartaraf etadi.

Kuzda kamida 8 soat uxlash va uyquga erta yotish juda muhim.

Sport bilan shug‘ullaning va oilaviy tabiat qo‘ynida hordiq chiqaring. Yugurish, suzish kabi har qanday jismoniy faoliyat tushkunlikni yengishga yordam beradi.

Sevimli mashg‘ulotlaringizga vaqt ajrating. Yoqtirgan ijodiy mashg‘ulotlaringiz uchun kuniga kamida 30 daqiqa vaqt ajratishga harakat qiling.

Yomon odatlardan voz keching!

Agar siz uzoq vaqtdan beri chekishni tashlash yoki qahva ichishni kamaytirish haqida o‘ylayotgan bo‘lsangiz, kuz - buni amalga oshirishning ayni vaqti.

Jismoniy holatimiz ruhiy holatimizni boshqaradi.

Jismoniy faollik juda muhim ekanini doimo yodda tuting.

Serharakat bo‘ling, darmondorilarga boy mahsulotlarni iste’mol qiling.

Ko‘pincha bemorlar tushkunlik kuzatilganda nevrolog, endokrinolog, kardiologlarga murojaat qilishadi - lekin masalaga boshqa tomondan qaralsa vahimaga o‘rin qolmaydi. Faqat bu holatlar bir, ikki haftada ortda qolishi zarur. Davomli uyqusizlik, bosh og‘rig‘i va tushkunlik esa asab tizimi kasalliklarining belgisi bo‘lishi ham mumkin.

 

Dilora Xoliqova tayyorladi.