“Layk” talvasasi

Hech bir inson o‘zini nodonlik va johillikda ayblashlariga chidab tura olmaydi. Ammo, qilayotgan ishlari ularning kim ekanni ko‘rsatib turadi. Unday insonlar uchun atrofdagilar oyna bo‘lishi hamda o‘zlariga xulosa chiqarishi lozim, deb yozmoqda O‘zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati.

Shu kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda Xorazm viloyatining Urganch shahrida bir guruh yoshlar o‘rtasidagi bahsdan so‘ng yigitlardan biriga benzin quyib, yoqib yuborilgani va u o‘zini suvga otgani haqidagi videoni takror va takror namoyish etilmoqda. Mazkur lavhalarni ko‘rgan tomoshabinlarning ba’zilari hayratlanib, miriqib kulsa, sog‘lom, aqli raso odamlar esa bu “shovvozlarni” ruhan xastaga chiqarishmoqda. Voqelikni tahlil qilish va kimnidir qoralashdan avval mazkur holatning tavsifiga to‘xtalish maqsadga muvofiqdir. Xorazm viloyati Ichki ishlar boshqarmasi ushbu holat yuzasidan bergan ma’lumotiga ko‘ra, ushbu shaxslarning barchasi (to‘rt nafar)  Xorazm viloyatida yashaydi, ulardan biri 1992 yilda, qolgan uch nafari esa 1999 yilda tug‘ilgan. Videoda qayd etilgan holat 18 iyun kuni Urganch shahridan oqib o‘tuvchi Shovot kanali ustidagi piyodalar o‘tish ko‘prigida sodir bo‘lgan.

Tanasida yonib turgan olov bilan suvga sakragan shaxs 19 iyun kuni shifoxonaga murojaat qilgan, unga «olovdan chap qo‘l yelka, bo‘yin, ikkala kurak va bel sohalari I-II-IIIA darajali termik kuyish. S-20%. Kuyish kasalligi, kuyish shoki o‘rta og‘ir darajasi» tashxisi qo‘yilib, tibbiy yordam ko‘rsatilgan.

Avvalo, keltirilgan manbalar voqea bir guruh o‘smir yoshlarning garov  o‘ynashidan boshlanganligini ta’kidlamoqda. Ya’ni, hodisa qahramoni tanishlari bilan ustiga benzin quyilgan holda ko‘prikdan suvga sakrash xususida garov bog‘lagan.


Islom dinimizda garov bog‘lab o‘ynash taqiqlangan va u qimor sifatida ta’kidlanadi. Alloh taolo Qur’oni Karimda qimorni yomonlab shunday marhamat qiladi: “Sendan xamr va qimor haqida so‘rarlar. Sen: “Ikkisida katta gunoh va kishilar uchun manfaat bor va gunohlari naflaridan kattadir”, deb ayt  (Baqara surasi, 129).

Yana bir oyatda Alloh taolo aytadi: “Ey imon keltirganlar! Albatta, may (mast qiluvchi ichimliklar), qimor, but-sanamlar va (fol ochadigan) cho‘plar shaytonning ishidan iborat ifloslikdirki, undan chetlaningiz! Shoyad (shunda) najot topsangiz” (Moida surasi, 90-oyat).


Yuqoridagi oyatlar orqali Alloh taolo qimor harom ekani va naqadar yomon ish ekanini ochiq oydin bayon etmoqda. Kishilarning garov bog‘lab bahslashishlari ham qimordan o‘zga narsa emas. Ayni shijoatga to‘la davrda, bilim olib kelajagini quradigan yoshlar dunyosi va dini uchun hech qanday manfaati yo‘q aksincha joni va moliga zarar beruvchi, Alloh taoloning g‘azabiga duchor qiluvchi amallar bilan shug‘ullanayotgani kishini o‘yga toldiradi.

Baland ko‘prikda yalang‘och holatda turgan yigit, do‘stlari tomonidan ustiga benzin quyilishi va olov yoqilishiga mamnunlik va kibr ila rozilik bildirishi uning tarbiyasida ulkan nuqson borligini hamda nasihatga muhtoj ekanidan darak bermoqda. Uning ustiga benzin quygan va olov yoqqanlar esa razillikdan boshqa ish qilayotgani yo‘q.


Alloh taolo Qur’oni karimda insonning sha’nini bayon qilib: “Biz odamzotni azizu mukarram qilib yaratdik hamda ularni suvda ham, quruqlikda ham yuradigan qilib qo‘ydik. Ularga halol-pok narsalardan rizq ato etib, ularni boshqa hamma maxluqotdan afzal etdik”- deb marhamat qilgan (Al-Isro surasi, 70-oyat).


Mazkur oyat insonning qadru qiymati nechog‘li baland ekanini ochiq oydin ko‘rsatadi. Parvardigor odamzotga shunchalik muruvvat ko‘rsatgan ekan, inson bu ne’matning qadriga yetmog‘i, uning shukrini ado etmog‘i, qolaversa o‘sha maqom va darajaga mos tarzda hayot kechirmog‘i lozim bo‘ladi. Bugun oila, ta’lim dargohi va jamiyat farzandlarimizga o‘zining kim ekanini va yuqoridagi oyatning mohiyatini yetarlicha tushuntira olmayotgandek go‘yo.


Hayot inson uchun berilgan eng qadrli omonatdir. Shuningdek, u Alloh taolo tomonidan insonga topshirilgan imkoniyat va mas’uliyatdir. Inson bu ne’matni asrab-avaylashi, unga xiyonat qilmasligi lozim, aks holda eng og‘ir jinoyatga qo‘l urgan, o‘z zimmasiga katta gunoh orttirgan bo‘ladi. Qur’oni karimda insonni o‘zining yashash huquqiga tajovuz qilishidan man etilib: “O‘z qo‘lingiz bilan o‘zingizni halokatga tashlamangizlar”- deyilgan (Baqara surasi, 195-oyat).


O‘zlarining qilayotgan ishlaridan zavqlanib “qahramonlik” qilayotgan bu yoshlarning oqibatni o‘ylamasligi, xurmacha qiliqlari fojea bilan tugashi mumkinlini anglamasliklari ham bularda diniy-ma’rifiy, ma’naviy-ahloqiy tushunchalar yo‘qligidan darak beradi. Agar shu ishlari natijasida birlari halok bo‘lsa, Alloh taolo qaytargan ishni bajargan, o‘zini o‘z qo‘li bilan halokatga tashlagan bo‘ladi.

Masalaning yana bir nozik tomoni bor. Hali hayot tashvishlarini tatib ko‘rmagan, umrining eng g‘animat damlarida inson aqliga sig‘maydigan ishlar bilan shug‘ullanayotgan bu yoshlarga nima kerak? Javob esa barchamizni tashvishga soladi. Ularga mashhurlik, ijtimoiy tarmoqlardagi “layk” (yoqdi) va e’tirof kerak. Eng ayanchli tomoni, shu videoni tarqatib o‘z kanali va guruhi obunachilarini ko‘paytirmoqchi bo‘lgan “blogger” va “admin”lar ham yetarlicha topiladi. 

Ayni damda biz yozgan maqola yohud nasihatomuz fikrlarni “qahramon”larimiz o‘qimasligi yoki e’tibor bermasliklari mumkin. Ammo, o‘zgalar bundan xulosa chiqarishi shart. Shu ishni oddiy hol tarzida qabul qilish, e’tiborsizlik hammamiz uchun ulkan tashvish va musibatga aylanishi hech gap emas. Mazkur holatdan yetarlicha xulosa chiqarmaslik bugun Xorazmda ro‘y bergan voqea ertaga boshqa joyda ro‘y bermasligiga hech kafolat bermaydi. Faqat hodisaning shakli va turi o‘zgarishi mumkin. Yoshlardagi “layk” talvasasi, mashhurlik va e’tirofga ko‘r-ko‘rona, nodonlik ila intilish va bu yo‘lda har qanday qabih ishdan tap tortmaslik xavotirlidir.