«Lazgi» - insoniyat nomoddiy merosi ro‘yxatidan joy oldi

«Xorazm lazgi raqsi» insoniyat nomoddiy merosining reprezentativ ro‘yxatiga O‘zbekiston madaniy merosining ajralmas qismi sifatida kiritilibdi.
Bu haqdagi qaror Kolumbiyaning Bogota shahrida 12 dekabr kuni YuNESKOning nomoddiy merosni asrash hukumatlararo qo‘mitasi majlisida qabul qilingan.
Endilikda ushbu ro‘yxatga baxshichilik san’ati va etnik sport turlari ham kiritiladi. Bugungi kunga qadar YuNESKOning insoniyat nomoddiy merosi ro‘yxatiga «Boysun madaniy muhiti», «Navro‘z bayrami», «Shashmaqom», «Katta ashula», «Askiya ijrochiligi», «Palov va osh bilan bog‘liq an’ana va qadriyatlar» kabilar kiritilgan edi.