Limon daraxti bit va kanalardan qanday himoya qilinadi?
Sitrus o‘simliklari ko‘pincha soxta qalqondor, o‘simlik bitlari, kanalar bilan zararlanadi. Qalqondorlarga qarshi 0,3 foizli fazolon eritmasi 5-6 kun oralatib 2 marta purkaladi. Karate preparatini 0,3 foizli qilib sepsa ham bo‘ladi. Bunda o‘simlikning hamma qismini, ayniqsa, barglarini pastki tarafidan ho‘llash zarur. O‘simlik g‘unchalagan va gullagan davrida purkash mumkin emas. Ishlov ertalab va kechqurun yoki bulutli kunlarda o‘tkaziladi.
Qora kuyasimon zamburug‘lar barglar yuvilganda ketmaydi. Barglar 1 foizli bordo suyuqligi eritmasi yoki 0,5 foizli mis, xlor oksidi eritmasi bilan qo‘shimcha purkalgandagina xolos etadi.
O‘rgimchakkanaga qarshi 0,2 foizli Keltan yoki 1 foizli Danitol eritmasini purkash yaxshi samara beradi. Vaqti-vaqti bilan yuvib turish ham foydali. O‘simlik tanasi gommoz yelim oqish bilan kasallanganda, kasallikning ilk bosqichida shikastlangan po‘stloq qismi va yog‘ochi sog‘lom qatlamgacha kesib tashlanadi. Bundan so‘ng tozalangan joy 3 foizli mis kuporosi bilan dizenfeksiya qilinadi va bog‘ qatroni bilan shuvaladi. Qatron tayyorlash uchun kanifol va asalari mumiga oz miqdorda mol yog‘i qo‘shib eritiladi. Gommoz bilan zararlangan va qurigan daraxt tanasi atrofi ildizi bilan qazib olinib yondiriladi. Tuprog‘i esa 1 foizli formalin eritmasi bilan dezinfeksiya qilinadi.
Akram FOZILOV,
Samarqand viloyati o‘simliklar karantini davlat inspeksiyasi matbuot kotibi.