Oddiy limonli suv va uning mo‘’jizaviy xususiyatlari
Ba’zi odamlar uni shunchaki mazasini yoqtirgani uchun ichishsa, boshqalar esa uni salomatlik uchun afzal bilishadi. Limonli suvning ikkita tarkibiy qismi - suv va limondan iborat. Bu ichimlikni sevib ichuvchilar uning foydali ekanligini ta’kidlaydilar. Keling, har kuni limonli suv ichish salomatligimizga qanday foyda berishi bilan tanishamiz.
Limonli suvni muntazam iste’mol qiluvchi odamlar vazn yo‘qotishda qiyinchilikka duch kelishmas ekan. Chunki ko‘p suv to‘qlik hissini beradi va ortiqcha ovqatlanishdan saqlaydi.
Sog‘lom turmush tarzi yuritishda ko‘p miqdorda suv ichish muhim sanaladi. Buning yordamida tana ichki muhiti barqarorligi, termoregulyasiya ta’minlanib, toksinlar tozalanadi. Katta yoshlilar kuniga o‘rtacha 2,7 dan 3,7 litrgacha suv ichishlari kerak. Suvga limon qo‘shish uning mazasini oshiradi va ko‘proq ichishga undaydi.
Vitamin C salomatlik uchun juda muhim. Uni faqat oziq-ovqatdan olishimiz mumkin, chunki tanamiz uni mustaqil ravishda ishlab chiqara olmaydi. Yetarlicha S vitamini yurak xastaligi, insult va gipertoniya xavfini kamaytiradi.
Limon esa S vitaminining ajoyib manbai, chunki bir dona limonda bir kunlik S vitaminining 90 foizi mavjud.
Hech kimga sir emaski, tashqi ko‘rinishimiz teri namligiga bog‘liq. Teri go‘zalligiga erishish uchun ko‘p miqdorda suv ichish zarur. Limonli suv tarkibidagi S vitamini ajinlarni kamaytirib, kollagen va elastin ishlab chiqarishni rag‘batlantiradi. Shunday qilib, limonli suv yoshlik go‘zalligini saqlab qolishning eng samarali vositalaridan biridir.
Limonli suvni sevib iste’mol qiluvchilar uni ertalab och qoringa ichishni afzal ko‘rishadi, chunki bu kun avvalida hazm qilish tizimi ishini boshlashga yordam beradi, deb hisoblashadi. Uyg‘onganda, och qoringa ichilgan bir stakan iliq limonli suv metabolizmni tezlashtiradi.
Limon yoqimsiz hidlarni juda samarali yo‘qotadi. Shuning uchun, agar tezlikda og‘zingizdagi noxush hiddan xalos bo‘lishni istasangiz (masalan, piyoz, sarimsoq yoki dudlangan baliq kabi mahsulotlardan keyin), limonli suv iching.
Limonli suv homilador ona va homila uchun ham foydali. Agar ayol homiladorlikning avvalidanoq limonli suv ichsa, chaqaloqning kelgusida har qanday allergiyaga duchor bo‘lish xavfi sezilarli kamayar ekan.
Buyrak toshlari asosan kalsiy konlari bo‘lib, bu xavfni kamaytirish uchun mutaxassislar ko‘proq limon kislotasini tavsiya etishadi. Shunday qilib, limon va oddiy suvning kombinatsiyasi ushbu kasallikka moyil bo‘lgan odamlar uchun ikki baravar foydalidir. Yarim stakan limon sharbati ichish (ixtiyoriy nisbatda suv bilan suyultiriladi) buyrak toshlari bo‘lgan odamlar uchun retsept bo‘yicha dori-darmonlardan qabul qilinadigan limon kislotasini beradi.
Tadqiqotlar shuni ko‘rsatdiki, limon hidi stress gormonlari miqdorini kamaytiradi. Shu sababli, limon yog‘i odatda aromaterapiya mahsulotlarida qo‘llaniladi. Limonda mavjud jismoniy salomatlik uchun foydali vitaminlardan tashqari bu sitrus mevasi bizning ruhiy holatimizni ham yaxshilar ekan. Tushkunlikni limonli suv bilan qarshi oling.
Limonli suv tayyorlash
Birinchi usul: uch tilim limonni bir stakan qaynoq suvga (200 ml.) solib aralashtiring va och qoringa asta-sekin iching. Bu ovqat hazm qilish tizimini yaxshilaydi va vaznni yo‘qotadi.
Ikkinchi usul: 100 ml. limon sharbatini 1:1 nisbatda toza ichimlik suvi bilan aralashtiring. Uni ovqatdan 30 daqiqa avval iching.
Ta’siri: oshqozon faol sharbat ishlab chiqarishni boshlaydi, ichaklar harakati yaxshilanadi.
D.Xoliqova tayyorladi.