80 tonnadan ziyod limon Samarqanddan xorijga eksport qilindi

So‘nggi yillarda respublikada limonchilik tarmog‘ini boshqarish tizimini isloh qilish, limonzorlar maydonini kengaytirish hisobiga mahsulot ishlab chiqarish va eksport hajmini ko‘paytirish borasida izchil choralar amalga oshirilmoqda.

Natijada, dehqonlarimiz tomonidan yetishtirilayotgan limonlarga xorijda ham talabgorlar ko‘lami tobora ortib bormoqda. Xorij mamlakati savdo do‘konlari rastalaridan joy olgan limonlarimiz qisqa fursatlarda o‘z xaridorlarini topishi, albatta quvonarli.

Limon ozuqa moddalari va vitaminlarning ajoyib manbai. Limonning nordon va o‘tkir ta’mi insonni tetiklashtiradi va immunitetimizga turli viruslar hamda kasalliklar bilan kurashishga yordam beradi. Limonni aynan pandemiya sharoitida iste’mol qilish inson salomatligi uchun ham juda muhim.

Bugungi kunda Samarqand viloyati issiqxonalarida eksportbop limonlarni yetishtirish tobora rivojlanmoqda.

Xususan, joriy yilning bugungi kuniga qadar viloyatdan xorijga umumiy qiymati 99,5 ming AQSh dollarlik, vazni qariyb 80 tonnadan ziyod limon mahsulotlari eksport qilingan.

Bunda jonbozlik ko‘rsatayotgan eksportchi korxonalar faolligini alohida ta’kidlab o‘tish joiz. Quvonarlisi shuki, ushbu tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilari dunyo bozorlarida o‘z mahsulotlari bilan dong taratmoqda.

Masalan, viloyatda faoliyat yuritayotgan “SAMARQAND AGRO TRADE LEADER” va “AZIA METALL PROF” kabi korxonalar limon mahsulotlarini eksport qilgan.

Viloyatdan eksport qilinayotgan limonlar ko‘lamini davlatlar misolida ko‘radigan bo‘lsak, asosan Rossiya, Afg‘oniston va Qozog‘istonning savdo rastalaridan o‘rin olmoqda.

Samarqand viloyati bojxona boshqarmasi axborot xizmati.