Lola Tursunqulovadan sog‘lom turmush tarzining yetti qoidasi

To‘g‘ri ovqatlanish – ko‘proq tabiiy mahsulotlar – meva va sabzavot, vitamin va minerallarga boy oziq-ovqatlardan iste’mol qilishga harakat qiling. Ovqatlanish ratsionining 65 foizini meva va sabzavotlar, non va turli bo‘tqalar tashkil etishi, 30 foizi go‘sht va sut mahsulotlari, 5 foizi shirinlik va yog‘larga ajratilishi lozim. Ozuqalar imkon qadar yangi, mavsumga mos bo‘lishi lozim. Bahor va yozda o‘simliklar, qishda oqsil va yog‘ga boy mahsulotlarga ko‘proq o‘rin ajratilishi lozim. Har kuni 2 litr atrofida suv iching.

Zararli odatlar – tanamizning asosiy dushmanlaridan bo‘lgan tamaki va alkogol mahsulotlari, turli zararli odatlardan voz kechish orqali sog‘lom turmush tarziga keng yo‘l ochish mumkin.

Kun tartibi – unga qat’iy rioya eting. Birinchi navbatda – 8 soatlik uyqu zarur. Kunning bir vaqtida uxlab va muayyan vaqtida uyg‘onishga odatlanish kerak. Uyquning buzilishi asta-sekinlik bilan inson ruhiyati, hissiyotlariga ziyon yetkazadi, ishchanlik kayfiyatini yo‘qotadi, keyinchalik turli surunkali, jiddiy xastaliklarning rivojlanishiga sabab bo‘lishi mumkin.

Ijobiy kayfiyat – sog‘lom turmush tarzining yana bir muhim qoidasi hisoblanadi. Hayotdan ko‘proq zavq oling, muvaffaqiyatsizlik, omadsizliklarga ko‘p e’tibor qaratmang, doimo olg‘a intilish uchun kuch topa biling. O‘zingizda odamlarga nisbatan g‘araz, gina, yomon gumonlarni saqlamang. Kechirimli, bag‘rikeng bo‘ling. Nodonlar bilan aslo tenglasha ko‘rmang.

Toza havo – uyingiz va ish kabinetingizni doimo toza tuting. Har kuni uni artib, tozalang, derazalarni ochib, toza havo kirishini ta’minlang. Tabiat qo‘ynida sayr qilish, tomorqa yoki ochiq havoda jismoniy mehnat qilish salomatlik uchun eng foydali mashg‘ulotdir.

Shaxsiy gigiyena – ovqatlanishdan avval va keyin qo‘llarni yuvish, uyqudan oldin va ovqatlangandan keyin tishlarni tozalash, toza kiyim kiyish, xullas, tozalikka qat’iy rioya etish ham asosiy shartlardan hisoblanadi.

Lola TURSUNQULOVA,

viloyat yuqumli

kasalliklar klinik

shifoxonasi shifokori.