Madaniyat markazlarida aholi madaniy dam olayaptimi?

Esingizdami? Qishloqqa kino kelgani. Barcha quvonch bilan kutib olardi. Ha, u vaqtlarda televizor, telefon, internet yo‘q edi-da dersiz. Yo‘q, aynan jamoa bo‘lib kino, teatr ko‘rish kishiga o‘zgacha zavq baxsh etardi. Bugun qishloq aholisining madaniy dam olishini samarali tashkil etish maqsadida madaniyat markazlari faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Endi odamlar keng, yorug‘, barcha qulayliklarga ega xonalarda madaniy dam olish dasturlarini ko‘rishi mumkin.
Ushbu maskanlarda turli to‘garak, klublar hamda folklor jamoalarining tashkil etilishi mahallaning 7 yoshdan 70 yoshgacha bo‘lgan aholisi vaqtini mazmunli o‘tkazishga, san’atga oshufta qilishga, iste’dodlarini shakllantirishga xizmat qilmoqda.
Yoshlarning bo‘sh vaqtini samarali tashkil etish, ularning madaniyat, san’at, sport, axborot texnologiyalari, kitob o‘qishga qiziqishini oshirish bo‘yicha ilgari surilgan 5 ta muhim tashabbusning ijrosini ta’minlash maqsadida tumanimizda qator ishlar amalga oshirildi.
Jumladan, Narpay tuman madaniyat bo‘limi tasarrufidagi barcha markazlarda «Quvnoqlar va zukkolar» klublari faoliyati yo‘lga qo‘yilib, 288 nafar yigit-qizlarning bo‘sh vaqtlari mazmunli tashkil etildi. Ayni paytda madaniyat markazlariga yaqin hududlarda joylashgan umumta’lim maktablarida «Quvnoqlar va zukkolar» klublarining dastlabki bellashuvlari o‘tkazildi. O‘quv yili boshlanishi bilan yana bir qator maktablarda ushbu bellashuv o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Shuningdek, markaziy madaniyat uyida yoshlarni har sohada bilimlarini mustahkamlash uchun «Zakovat» intellektual klubi tashkillashtirilgan bo‘lib, 72 nafar ishtirokchi doimiy qatnashmoqda. Dastlabki o‘yinda Yoshlar ittifoqining tuman kengashi xodimlaridan iborat jamoa omadlarini sinab ko‘rdi.
2-son madaniyat markazida ochilgan «Parvoz» ijodiy va «Navro‘z» folklor jamoalarida ham ko‘plab yoshlarimiz milliy an’ana va qadriyatlarimizni o‘rganib, ularni keng quloch yozdirishga bel bog‘lagan. 4-son madaniyat markazida esa «Iftixor» ijodiy to‘garagi hamda «Yoshlar» teatr studiyasi san’atga ixlosmand kishilar bilan gavjum. Ular tomonidan sahnalashtirilgan asarlar aholi tomonidan iliq kutib olinmoqda. Tumanimizda joriy yilda to‘rt marotaba Kattaqo‘rg‘on shahar musiqali drama teatri jamoasining spektakllari namoyish etildi. Minglab narpayliklar ushbu spektakllardan hayotiy xulosalar olib, madaniy dam olishdi.
Bugun madaniyat markazlari nafaqat aholining madaniy dam olishiga, balki iste’dodlarni shakllantirishga, ularni rag‘batlantirishga, erkin ijod qilishga zamin yaratmoqda.
Xurshid GADOYeV,
Narpay tuman madaniyat bo‘limi mudiri.